Toshkent viloyatida jamoat transporti narxi oʻzgardi
Toʻlov bank kartalari orqali amalga oshirilganda 1700 soʻm, naqd pulda esa 2500 soʻm etib belgilandi.

Toshkent viloyati shaharlarida jamoat transporti uchun toʻlov narxi oʻzgaradi. 31 may kuni Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning viloyat shaharlarida jamoat transporti tariflarini takomillashtirish boʻyicha qarori eʼlon qilindi.
Unga koʻra, vaqtga bogʻlangan soatlik, kunlik, oylik va yillik limitsiz tariflar, naqd toʻlovni elektron toʻlovga nisbatan 30 foizga yuqori etib belgilash maʼlum qilingan.
Jumladan, bir nafar yoʻlovchi uchun qatnov bank va transport kartalari orqali amalga oshirilganda 1700 soʻm, naqd toʻlovda 2500 soʻm etib belgilangan. Bir nafar yoʻlovchining bagajini tashish xarajatlari ham 2500 soʻmni tashkil etadi.
Qarorga ilova qilingan jadvalga koʻra, bir yoʻlovchi uchun olti oylik toʻlov 900 ming soʻm, bir yilligi esa 1 mln. 826 ming etib belgilangan. Talaba, oʻquvchi, pensioner va nogironlar uchun olti oylik toʻlov 450 ming soʻm, yillik toʻlov esa 913 ming soʻmni tashkil etadi.
Qaror eʼlon qilingan kunidan kuchga kirishi belgilangan.
Avvalroq Xorazmda ichimlik suvi narxi qimmatlashgandi.