Oʻquvchilarning "nonini tuya qilgan" bosh hisobchiga jazo berildi
Hisobchi maktab-internatga oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish bahonasida hujjatlarni soxtalashtirgani aniqlandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Bogʻot tuman sudida ushbu hududdagi ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan va chet tillarini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab internati bosh hisobchisiga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Aytilishicha, sudlanuvchi S.K. JK 167-moddasi 2-qismining “b,g” bandlari va 228-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan ayblangan. U davlat tashkilotida mansabdor shaxs boʻlib ishlab kelib, noqonuniy yoʻllar bilan boylik orttirish maqsadida maktab internati tomonidan 46.768.250 soʻm pul mablagʻlarini har-xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish uchun boshqa xususiy korxona hisob raqamiga oʻtkazgan.
Ushbu xususiy korxona S.K.ning otasi nomida boʻlgan.
Sudlanuvchi ushbu mablagʻlar hisobiga sotib olingan oziq-ovqat mahsulotlari goʻyoki yetkazib berilganligi haqida soxta hisob-fakturani otasi M.S. nomiga ochilgan elektron raqamli imzo orqali imzolab, uni rasmiylashtirgan. Natijada aslida yetkazib berilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini maktab internati omborchisining hisobotlariga kirim va chiqim qilmasdan, ularni byudjet tashkilotlarining buxgalteriya hisobini yuritish haqidagi dasturiga (“UzASBO”) soxta maʼlumotlarni kiritish yoʻli bilan asossiz chiqim qilgan va xususiy korxonasiga oʻtkazilgan 46.768.250 soʻm pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Shuningdek, S.K. 2021 yilda ham 52.634.220 soʻm pulni har-xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish uchun xususiy korxonasi hisob raqamiga oʻtkazib, hujjatlarni soxtalashtirib talon-toroj qilgan. Sudlanuvchi Sudlanuvchi K.Sabirov sudda aybiga toʻliq iqrorlik bildirdi.
Yakuniy hukmga koʻra, S.K.ga JK 59-moddasi tartibida jinoyatlar majmui boʻyicha jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat natijasida yetkazilgan jami 99.402.470 soʻm zararlar davlat byudjetiga toʻliq qaytarildi.
