Hindistonda dahshatli issiqlik toʻlqini: ellikdan oshiq inson halok boʻldi
Qurbonlar orasida toʻqqiz nafar saylov komissiyasi xodimi ham bor. Ayni damda mamlakatda parlament saylovlari boʻlib oʻtmoqda.

Hindiston ayni damda dahshatli issiqlik toʻlqinini boshdan kechirmoqda. Bir qancha shaharlarda havo harorati Selsiy boʻyicha 45 darajadan oshib ketdi, oʻnlab odamlar jazirama oqibatida halok boʻldi.
29 may kuni Dehlida 52,9 daraja issiq harorat qayd etildi. Shahardagi qushlar va yovvoyi maymunlar issiqdan hushidan ketishmoqda.
Ekstremal ob-havo mamlakat boʻylab allaqachon kamida 50 kishining hayotiga zomin boʻldi. Aniq raqamlarni aytish qiyin: Hindiston rasmiylari butun mamlakat boʻylab issiqlikdan oʻlganlarning umumiy sonini eʼlon qilmaydi.
Ayni paytda mamlakatda qariyb bir milliard kishi qatnashadigan umumxalq saylovlari oʻtkazilmoqda. Buning ortidan hosil boʻlayotgan navbatlar ham noqulayliklarga sabab boʻlmoqda.
Saylov olti hafta davom etadi, yetti bosqichda boʻlib oʻtadi va koʻplab saylovchilardan kun boʻyi, koʻpincha ochiq havoda navbatchilik qilishlari talab qilinadi.
Hindistonda nihoyasiga yetayotgan parlament saylovlarini tashkil etish bilan shugʻullanganlar ham issiqdan aziyat chekmoqda.
Payshanba kuni Bixar shtatida jazirama tufayli 14 kishi halok boʻldi, deya xabar beradi rasmiy manbalar, ulardan 10 nafari saylovlarni tashkillashtirishda ishtirok etgan.
Hindistonning eng zich joylashgan shtati Uttar-Pradeshda juma kuni kamida toʻqqiz nafar saylov komissiyasi xodimi, jumladan qoʻriqchilar halok boʻldi, deya yozadi Reuters.
"Ularni olib kelishganda haroratlari yuqori boʻlgan. Bunga issiqlik urishi ham sabab boʻlishi mumkin. Biz hozirda saylovdan olib kelingan kamida 23 kishini davolayapmiz", dedi jabrlanganlar olib kelingan tibbiyot muassasasi direktori jurnalistlarga.
Saylovchilar ham qiynalmoqda: saylov uchastkalarida navbatlar hosil boʻlib, issiqda turishga majbur. Saylov komissiyalari ovoz berish uchun kelganlarga suv taklif qiladi.
Issiqlik urishidan jabrlanganlarning AFP`ga aytishicha, haroba davlat shifoxonalari bemorlar oqimiga dosh berishga qiynalmoqda.