Buxoroda kichik biznesga qoʻshimcha 2,1 trln. soʻm ajratiladi

Shavkat Mirziyoyev Buxoroning ichki imkoniyatlarini ishga solishda viloyat rahbariyati va tuman hokimlari sust ekanini aytib, tanqid qildi. 

Iqtisod
1-iyun, 14:32
Buxoroda kichik biznesga qoʻshimcha 2,1 trln. soʻm ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor oʻtkazdi

Viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar oʻsib, 53 trillion soʻmdan oshdi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatishda 115 trillion soʻm investitsiya jalb qilindi, 4,6 mingta korxona ishga tushib, 90 mingta ish oʻrni yaratildi.

Eksport 215 million dollarga yetdi, Qorakoʻl, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining har birida sanoat hajmi yiliga 1 trillion soʻmdan oshdi.

Shu bilan birga, viloyat salohiyatini toʻliq ishga solish boʻyicha viloyat rahbariyati, 13 ta tuman va shahar hokimlarining hozirgi faoliyati juda sustligi koʻrsatib oʻtildi. 

Buxoroning 4,2 million gektar yeri boʻlsa, 6 foiziga ekin ekiladi. Yana 3,2 million gektar yer – ishlatilmasdan turgan katta imkoniyat. 

Viloyatdagi 60 ming tonna ip-kalavaning 57 foizi matoga aylanmoqda, qolgani xomashyo shaklida  arzon sotilmoqda, matoning 24 foizi tayyor mahsulotga aylanayapti.

Yoki, viloyatda 1 million 200 ming tonna meva-sabzavot yetishtirilsa-da, eksporti 15 million dollardan kam.

Buxoroda kichik biznesga bu yili 5,9 trillion soʻmga qoʻshimcha yana 2,1 trillion soʻm kredit ajratilishi eʼlon qilindi. Turizm va servis uchun yana 100 million dollar alohida ajratiladi.

Buxoro tumanida qurilishi boshlangan neft-kimyo klasteri ishga tushirilsa:

- import boʻlayotgan benzol, olefin, aromatik uglevodorod, naftadan pentan va geksan eritgichlari ishlab chiqariladi;

- viloyat sanoatiga 4,5 trillion soʻmlik qoʻshilgan qiymat va 600 ta yuqori daromadli ish oʻrni yaratiladi;

- eksport 130 million dollarga oshib,  yiliga 300 milliard soʻm soliq tushumi paydo boʻladi.

Yana bir masala – Buxorodagi 205 ming gektar yerni sugʻorish uchun 50 ta nasos stansiya yiliga 1,5 milliard kilovatt-soat elektr sarflamoqda. Ular energotejamkor, zamonaviy nasoslarga almashtirilsa, yiliga kamida 400 milliard soʻm iqtisod boʻladi.

Viloyatdagi 89 ta sanoat korxonasi davlat tashkilotlariga Kooperatsiya portali orqali mahsulot yetkazib berayotgani - bu juda kamligi koʻrsatib oʻtildi. 

Buxoroga xorijdan 5 million turist kelishi uchun katta zamin hozirlanmoqda. Lekin, viloyatdagi 30 ta tarixiy yodgorlikka eʼtibor sustligi uchun ularga sayyohlar bormayapti.

Shu munosabat bilan Imom al-Buxoriy, Abbos Aliyev va Muxtor Ashrafiy obidalariga tutash hududlar, dehqon bozori va ming yillik tarixga ega Buxoro darvozasi, Ismoil Somoniy maqbarasi, istirohat bogʻi va sunʼiy koʻlni jozibador turizm majmuasiga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.

“Chor Minor” va “Isteza” madrasalari, “Samarqand” va “Darvozai Salloxona” darvozalari, “Masjidi Kalon” kabi obʼektlarni drenaj tizimini taʼmirlashga 35 milliard soʻm ajratiladi.

Buxoro aeroporti turistlar oqimini 2 barobar oshirish rejasi uchun kichiklik qilmoqda. Kecha Buxoro tumanida hozirgidan 3 barobar koʻp quvvatga ega 226 million dollarlik yangi zamonaviy xalqaro aeroport qurilishiga start berildi. Bu yerda haftasiga 100 ta reys yoʻlga qoʻyiladi.

Prezidentimiz yigʻilish aynan Gʻijduvonda boʻlayotgani bejiz emasligini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda tuman sanoati 2 karra oʻsib, 2 trillion soʻmdan oshdi, viloyatdagi ulushi esa toʻrtinchi oʻrindan uchinchiga koʻtarildi.

Shu vaqt ichida 2 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshlab, 2010-2016 yillarga qaraganda 4 barobar oʻsgan.

Shu bilan birga, Gʻijduvonga investitsiya kiritish, sanoatda yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratishdagi eng katta muammo, bu – elektr taʼminoti va temir yoʻl infratuzilmasi.

Gʻijduvon iqtisodiy zonasida bu masalalar hal qilinsa, tadbirkorlar 340 million dollarlik 100 ta loyihani boshlab, 10 ming aholini ishli qilmoqchi.

Mutasaddilarga “Navoiy-Xorazm” yoʻnalishida qurilishi yakunlanmagan shoxobcha temir yoʻlini Gʻijduvongacha olib kelish topshirildi.

Ijtimoiy soha bilan bogʻliq masalalar muhokama qilinar ekan, Gʻijduvon aholisi uchun 650 oʻrinli zamonaviy shifoxona qurilishi eʼlon qilindi. 

Mutasaddilarga loyiha hujjatlarini ishlab chiqib, kelgusi yil investitsiya dasturiga kiritish topshirildi.

Umuman, yigʻilishda Gʻijduvonni oʻzida 25 ming ish oʻrni, qoʻshimcha 50 million dollar eksport va byudjetga 100 milliard soʻmlik tushum boʻyicha imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat va tarmoq rahbarlarining axboroti tinglandi.

 

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+