Akmal Saidov BMT Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzosi etib saylandi
Oʻzbekiston vakili birinchi marta Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzoligiga saylangan.

Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov BMTda masʼul lavozimga tayinlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi shtab-kvartirasida 2025-2028 yillar uchun BMT Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzolari saylovi boʻlib oʻtdi.
Aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻtkazilgan yashirin ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekistondan nomzod, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov boshqa nomzodlar orasida eng koʻp ovoz toʻplab Inson huquqlari qoʻmitasi tarkibiga saylandi.
17 davlat, jumladan, Oʻzbekiston vakillari ushbu tuzilmadagi 9 oʻrin uchun ariza topshirgan. Arizachilar orasida Burundi, Gruziya, Misr, Hindiston, Ispaniya, Kamerun, Kot-dʼIvuar, Litva, Marokash, Paragvay, Koreya Respublikasi, Shimoliy Makedoniya, Togo, Xorvatiya, Efiopiya va Janubiy Afrikadan vakillar bor edi.
Yashirin ovoz berish natijalariga koʻra, Akmal Saidov aʼzo mamlakatlardan eng koʻp ovoz toʻplagan.
Oʻzbekiston birinchi marta Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzoligiga saylandi va Markaziy Osiyodan ushbu organga aʼzo boʻlgan birinchi davlat boʻldi.
Inson huquqlari boʻyicha qoʻmita BMTning mustaqil ekspertlardan tashkil topgan organi sanaladi. Ushbu paktda 173 ta davlat ishtirok etadi. Oʻzbekiston ushbu xalqaro hujjatga 1995 yilda qoʻshilgan. Qoʻmita faoliyati insonning barcha fuqarolik va siyosiy huquqlari toʻliq hurmat qilinishini taʼminlashga qaratilgan.