Sportchi qariyb 23 soatda 100 kilometr masofani bosib oʻtdi
Triatlonchi Shavkat Musinov Toshkent shahri boʻylab 100 km masofani piyoda bosib oʻtdi.

Gross sugʻurta kompaniyasining "Xavfsiz Harakat" loyihasi tashabbusiga koʻra, loyihaning targʻibot elchisi, triatlonchi Shavkat Musinov Toshkent shahri boʻylab 100 km masofani piyoda bosib oʻtdi.
Ushbu masofa Toshkent shahrining barcha tumanlarini qamrab olgan boʻlib, sportchi uni "skandinavcha (shimoliy) yurish" uslubida bosib oʻtdi.
Loyihaning targʻibot elchisi Shavkat Musinov bu tadbirni oʻtkazishdan koʻzlagan ikkita maqsadi borligi aytdi.
"Maqsadim avvalo, poytaxt aholisi uchun tashkillashtirilgan piyodalar yoʻlaklarida ular har kuni toʻqnash keladigan muammolarni qayd etib borishdan iborat. Chunki piyodalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan birga muammolar ham uchraydi. Bu muammolar nogironligi boʻlgan shaxslar yoki yosh bolalari onalar uchun qiyinchilik tugʻdiradi. Mana shunday joylarni qayd etib, muammoni bartaraf etishga oʻz hissamni qoʻshmoqchiman. Bundan tashqari, 100 kilometr masofani piyoda bosib oʻtib, sogʻlom turmush tarzini ham targʻib qilmoqchiman".
Triatlonchi yurishni boshlashidan avval tibbiy nazoratdan oʻtkazildi. Unda tibbiyot xodimlari tomonidan salomatligi joyidaligi haqidagi tashxisni olganidan soʻng yurishga start berildi. Tadbirda, shuningdek Toshkentning bir qancha aholisi ham yoʻlning turli qismlarini birga bosib oʻtish uchun sportchiga qoʻshilishdi.
Asli 1 sutka deb taxmin qilingan bu masofani sportchi 22 soat 54 minutda bosib oʻtdi. Sababi bu vaqt unga koʻzlagan maqsadiga erishishiga yetarli boʻlgan. Targʻibotchining aytishicha, yoʻllarda piyodalar uchun sharoitlar ham, kamchiliklar ham bor.

U duch kelgan kamchiliklar:
— kechqurun piyodalar yoʻlaklarida avtomashinalarning turishi. Ular kechqurun piyodalarning harakatlanishiga xalaqit qilmoqda;
— qurilish boʻlayotgan obʼektlarda piyodalar yoʻlaklarining band qilib qoʻyilishi;
— yoʻllarda, ariqlarda uyum boʻlib toʻplanib turgan chiqindilar
Yuz kilometrlik yurish yakunlariga koʻra Toshkent shahri hokimligi va Toshkent shahri IIBB YHXB bilan birga kamchiliklarni inobatga olgan holda shahar muhitini yaxshilashga doir yoʻl xaritasi ishlab chiqiladi.
Odinaxon Dehqonova