Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi

Safar davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi vazifalari belgilab beriladi. 

Jamiyat
31-may, 15:52
Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. 

Tashrif dasturidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalarni koʻzdan kechirish va yirik obʼektlar qurilishiga start berish, mahallalar hayoti bilan tanishish oʻrin olgan. 

Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi vazifalari belgilab berilishi rejalashtirilgan.

Tashrif Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshlandi. Qurʼon oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duo oʻqildi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy asliyat tiklanmoqda. Ziyorat chogʻida ushbu ishlar koʻzdan kechirildi.

Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yoʻlak tiklandi. Endi ziyoratchilar Bahouddin Naqshband maqbarasiga sunnatga muvofiq qibla tarafdan yurib boradi.

- Yuz yil vayron boʻlib yotgan bu darvozani tiklaganimiz - oʻzlikni anglash, tarixga hurmatimiz ifodasi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Endi bu yerdagi har bir obidaga, xonlar dahmalariga bitiklar yozib qoʻyish kerak. Ziyoratga kelganlar qadamma-qadam tarixni oʻrganib, maʼnaviy ruh olib oʻtsin.

Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Yoʻqolib borayotgan Doniyolbiy madrasasi tiklanmoqda.

Olimlar bilan suhbatda Bahouddin Naqshband merosini chuqur oʻrganish haqida fikr almashildi. Chet davlatlardan manbalarni olib kelish, ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash, muzeyni Imom Buxoriy majmuasidagidek mazmunan boyitish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, ziyoratchilar, jumladan, xorijiy turistlar uchun qulayliklarni kengaytirish, qishga ham, yozga ham mos sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Mutasaddilarga shularni qamrab olgan holda, olimlarning takliflari asosida qaror ishlab chiqish topshirildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+