Oʻtgan yili yirik soliq toʻlovchilarning davlat byudjetidagi ulushi kamaydi
Soliq va bojxona toʻlovlari sezilarli koʻtarilgani bois, biznes va aholidan undiriladigan soliqlar oʻsgan.

2023 yilda byudjetga tushumlarning oʻsishi sekinlashgan. 2022 yilda byudjet daromadlari 22,4 foizga oʻsgan boʻlsa, 2023 yilda bu koʻrsatkich 14,8 foiz boʻlgan xolos.
2023 yilgi davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi “Fuqarolar uchun byudjet” nashrida shunday maʼlumotlar keltiriladi.
Soliq va bojxona bojlari sezilarli koʻtarilgani bois, biznes va aholidan undiriladigan soliqlar oʻsgan. Xususan, yer soligʻidan tushumlar 29,9 foizga, mol-mulk soligʻidan tushumlar 27 foizga, jismoniy shaxslarning daromad soligʻidan tushumlar 23,25 foizga, bojxona bojlaridan tushumlar esa 67,2 foizga oshgan.
Lekin shunga qaramasdan, davlat byudjeti daromadlari oʻsishi sekinlashganini yirik soliq toʻlovchilarining byudjet tushumlarining ulushi qisqargani bilan izohlash mumkin.
Jumladan, eng yirik soliq toʻlovchilar – Navoiy kon metallurgiya kombinatining ulushi 0,41 foizga, Olmaliq kon metallurgiya kombinatining ulushi esa 2,38 foizga, Oʻzbekiston metallurgiya kombinatining ulushi esa 0,34 foizga kamaygan.
Bir qator energetika korxonalarining ham byudjet tushumlaridagi ulushi oʻtgagn yildagidan kam boʻlgan. Misol uchun Oʻzbekneftegazda – 0,22, Hududgaxtaʼminotda – 0,21, Oʻztransgazda – 0,92, “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi”da – 0,16, “Uz-Kor Gas Chemical”da - 0,25, Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida – 0,34 foizli pasayish kuzatilgan.