platina.uz
Jamiyat

Buxoroda Jadidlar merosi muzeyi tashkil etiladi

Muzey xarajatlari Buxoro viloyati byudjeti mablagʻlari, muzeyning oʻz daromadlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Buxoroda Jadidlar merosi muzeyi tashkil etiladi

Buxoro shahridagi tarixiy maskan – Hovli Poyon majmuasida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi. Bu boʻyicha Oʻzbekiston prezidenti qarori eʼlon qilindi.

Quyidagilar muzey faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilandi:

- jadidlik harakatiga oid mamlakatimiz va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, toʻplash, saqlash, oʻrganish, tiklash, nusxalash, eʼlon qilish, ular asosida Muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish, shuningdek, madaniy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;

- maʼrifatparvar jadidlarning vatanimiz va jahon tarixidagi muhim oʻrni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning maʼnaviy asoslarini yaratishdagi hissasi va fidoyiliklarini haqqoniy yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish;

- muzey ekspozitsiyalarini yaratishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash.

Muzey uchun “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida aholidan jadidlik harakatiga oid tarixiy materiallar, ashyolar, noyob suratlar xarid qilinadi.

Muzeyga shtat birliklarini ajratish hamda xodimlarga ish haqi toʻlash Madaniy meros agentligi tizimidagi muzeylar uchun belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Muzeyni tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha import qilinadigan muzey ashyolari va kolleksiyalari, kitob va qoʻlyozmalar, shuningdek, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, jihozlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalar, mebel va inventarlar 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etiladi. Ushbu muzeyni saqlash xarajatlari – Buxoro viloyati mahalliy byudjeti mablagʻlari, muzeyning oʻz daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid