Bayden Rossiyaga qarshi AQSh qurollari bilan zarba berishga rozi boʻldi
AQSh prezidenti Ukrainaga yashirincha ruxsat bergani aytilmoqda. Politico nashrining yozishicha, bu hozircha Xarkov yoʻnalishida amal qiladi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Rossiya hududiga Amerika qurollaridan foydalanib zarba yoʻllashga ruxsat berdi. Politico nashri manbalariga koʻra, mazkur ruxsat faqat Xarkov yoʻnalishida amal qiladi.
AQSh prezidenti maʼmuriyati Ukrainaga Rossiya hududida Amerika qurollaridan foydalanishga yashirincha ruxsat bergan, deya yozmoqda nashr.
"Prezident yaqinda oʻz jamoasiga Ukrainaning Xarkovda oʻt ochish uchun AQSh qurolidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishini taʼminlashga koʻrsatma berdi, toki ukrainaliklar rus qoʻshinlari hujum qilganda yoki ularga hujum qilishga tayyorlansa, javob qaytarishi uchun", - deya oʻzining anonim suhbatdoshidan iqtibos keltiradi Politico.
Bu maʼlumotni yana ikki manba tasdiqlagan.
30 may kuni chop etilgan boshqa maqolada nashr Vashingtonda Rossiya hududiga zarba berish mavzusidagi munozaralar davom etayotgani va haligacha qaror qabul qilinmaganini yozadi. Lekin koʻpchilik AQSh harbiylari bunga ruxsat berish tarafdori boʻlib qolmoqda.
Avvalroq Germaniya rahbariyati oʻz qurollari bilan Rossiya zarba berishga rozi boʻlgani maʼlum qilingandi.