platina.uz
Jahon

Ukraina Rossiyani nemis qurollari bilan oʻqqa tutishi kutilyapti

Germaniya kansleri Rossiya ichidagi nishonlarga qarshi Gʻarb qurollaridan foydalanishga ruxsat berish tarafdori.

Ukraina Rossiyani nemis qurollari bilan oʻqqa tutishi kutilyapti

Germaniya kansleri Olaf Shols idorasi endi Ukraina “tajovuzkor hududga” zarba bera olishini aytdi. Politico nashri shu haqda yozmoqda.

Germaniya hukumati Ukraina unga sovgʻa qilingan nemis qurollari bilan Rossiya ichkarisidagi harbiy nishonlarga zarba yoʻllashga ruxsat berishi mumkinligini taʼkidlay boshladi.

Xususan, 29 may kuni Olaf Shols Ukraina Germaniya tomonidan yetkazib berilgan qurollardan “xalqaro huquq doirasida” foydalanishi mumkin, bu esa ularni Rossiya kabi tajovuzkorga qarshi, jumladan, Rossiya hududida qoʻllash imkonini beradi, dedi.

Avvalgi bayonotlarda bu borada ikkilanishlar va cheklovlar borligi sezilib turardi. Ayrim davlatlar bu mavzuda aniq bir toʻxtamga kelishgani yoʻq edi. Jumladan, 29 may kuni Shols bilan gaplashgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron: "Biz (ukrainaliklarga) raketalar uchirilgan harbiy obʼektlarni zararsizlantirishga ruxsat berishimiz kerak, lekin boshqa fuqarolik yoki harbiy nishonlarini emas", dedi. Bu esa Kiyev talab qilayotgan chegaralarga mos kelmaydi.

Lekin ayrim Yevropa davlatlari bu borada aniq bayonot berishgan. Masalan, Polsha mudofaa vaziri oʻrinbosari Sezar Tomchik Polsha radiosiga bergan intervyusida "Ukrainaga yuborilayotgan Polsha qurollarining chegarasi yoʻq. Ukrainaliklar ulardan oʻzlari xohlagancha foydalanishlari mumkin", dedi.

Germaniya hukumati pozitsiyasi bilan tanish boʻlgan shaxsning maʼlum qilishicha, kansler Shols Rossiya ichidagi nishonlarga qarshi Gʻarb qurollaridan foydalanishga ruxsat berish tarafdori.

"Menga gʻalati tuyuladigan jihati shundaki," dedi Shols jurnalistlarga, "baʼzi odamlar ular (ukrainaliklar) oʻzlarini himoya qilishlari kerakligini aytishadiyu, lekin bunga muvofiq vositalarni qoʻllashlari mumkin emasligini taʼkidlashadi".

Shols bu bilan Vashington hukumatiga ishora qilgan boʻlishi mumkin. Chunki faqat AQSh Gʻarb qurollari bilan Rossiya hududiga oʻt ochishga qarshi chiqib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid