Turkiy davlatlar matbuot kotiblari Toshkentda yigʻildi
Tadbirlarda feyk xabar va dezinformatsiyalarni farqlash, axborot sohasida aloqalarni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Toshkentda Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aʼzo mamlakatlar vazirlik va idoralari matbuot kotiblarining "Axborot xizmatlari 2024: milliy va xorijiy tajriba" mavzucida qoʻshma oʻquv-seminari boʻlib oʻtmoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi maʼlumotiga koʻra, oʻquv-seminarini ochib bergan agentlik direktori Asadjon Xodjayev turkiy mamlakatlar bilan har tomonlama, shu jumladan, axborot sohasida aloqalarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim jihatlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Tadbirda, shuningdek, TDT eksperti Almagul Serikbayeva, Ozarbayjon Audiovizual kengashi raisi Ismat Sattarov, Qozogʻiston Madaniyat va axborot vazirligi Axborot qoʻmitasi Jamoatchilik bilan aloqalarni muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Aksholpan Marat, Turkiya elchisi Olgan Bekar soʻzga chiqib, qoʻshma-seminarning ahamiyati haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Seminar doirasida tashkil etilgan media-treningda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxoʻja “medimakon tushunchasi”, “turkiy xalqlar mafkurasi”, “Axborot xizmatlari duch keladigan muammolar” haqida fikr-mulohazalarini bildirib, xususan, Oʻzbekistonda milliy kontentni yaratish va koʻpaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Shuningdek, OʻzJOKU prorektori, professor Nozima Murodova matbuot kotiblari hamda OAV vakillarining feyk xabar va dezinformatsiyalarni farqlashda eʼtibor qaratishlari lozim boʻlgan jihatlar toʻgʻrisida toʻxtaldi.
Oʻquv-seminari TDTga aʼzo mamlakatlarning axborot xizmatlari faoliyati taqdimotlari bilan davom etmoqda. Tadbirlar 30 mayga qadar davom etadi.