Toshkent va Qoʻqonda haj ziyoratiga yuborishni vaʼda qilganlar ushlandi
Qoʻqonda sayyohlik firmasining ish boshqaruvchisi 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.

DXX Toshkent va Qoʻqon shaharlarida “Haj” ziyoratiga yuborishni vaʼda berib, pul olayotganlarni ushladi.
Jumladan, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi, 1983 y.t. shaxs Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni ishonchiga kirib, tanishlari yordamida, unga Saudiya Arabistoniga “Haj” safariga borishi uchun zarur boʻladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ziyoratga yuborish evaziga 8,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar ushlandi.
Boshqa holatda esa poytaxtda faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi xodimi Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroni soxta hujjatlar orqali “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 5,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Yana bir sayyohlik firmasi boshqaruvchisi va uning xodimi ham Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroning ishonchini suiisteʼmol qilib, joriy “Haj-2024” mavsumida Saudiya podshohligiga muborak safarga yuborish evaziga 8,5 ming AQSh dollari talab qilishib, 4 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida qoʻlga olindi.
Qoʻqon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasining ish boshqaruvchisi 2 nafar fuqaroni haj amallarini bajarishlari uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 12 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Qoʻqon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, boshqa sayyohlik firmasi xodimi mahalliy fuqaroni hoji maqomiga ega boʻlishi uchun “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilib, 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida qoʻlga olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bir necha kun avval haj ziyorati vaʼda qilib pul olganlar ushlangandi.