Taylandga vizasiz borish mumkin boʻldi
Shuningdek, 2000 bat (55 AQSh dollari) miqdoridagi viza yigʻimi ham bekor qilinmoqda.

Tailand Oʻzbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilmoqda. Bu haqda Bangkok Post mamlakat rasmiylariga asoslanib xabar berdi.
Tailandga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar roʻyxati birdaniga 57 tadan 93 taga koʻpaymoqda. 36 ta yangi davlat qatoriga Oʻzbekistondan tashqari Kambodja, Xitoy, Hindiston, Yamayka, Qozogʻiston, Laos, Meksika, Marokash va boshqalar kirdi.
Oʻzbekiston fuqarolari endi Tailandda 30 kun emas, balki 60 kun qolishlari mumkin. Avvalgi tartibda mamlakat fuqarolari Tailandga yetib borgandan soʻng 30 kun qolish sharti bilan viza olishlari kerak edi. Soʻnggi bor bu tartibga 2022 yil oktabrda oʻzgartirish kiritilgandi.
Bundan tashqari fuqarolar 2000 bat (55 AQSh dollari) viza yigʻimi toʻlashi lozim boʻlardi. Shuningdek, xavfsizlik xizmati xodimlari kamida 550 AQSh dollar miqdorida naqd pul va mehmonxona band etilgani boʻyicha hujjatni talab qilishga haqli boʻlgan.
Bundan tashqari, chet ellik talabalarga mahalliy universitetni tamomlagandan keyin yana bir yil mamlakatda qolishga ruxsat berildi. Ilgari ular diplom olganlaridan keyin darhol mamlakatni tark etishlari kerak edi.