Qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbariyatini taniysizmi?
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi tuzilmani kimlar boshqaradi?

Qishloq xoʻjaligi vazirligi – oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi. 2018 yil 12 fevralda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tarkibidan alohida ajralib chiqqan.
Vazir Abduraxmonov Ibrohim Yulchiyevich 1975 yil 19 fevralda Namangan viloyatida tugʻilgan. 2012 yilda Oʻzbekiston genomika va bioinformatika markaziga asos solgan. Paxta genomikasi va biotexnologiyasiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 2010 yilda TWAS va ICAC mukofotlari sovrindori boʻlgan. 2017-2022 yillarda Innovatsion rivojlanish vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. 2022 yilda Xitoy xalqaro madaniy almashuvlar markazi (CICEC) hamda Global People oynomasining "Ipak yoʻli doʻstlik elchisi" unvoni bilan taqdirlangan.
2023 yilda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri etib tayinlangan. Qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimiga esa 2023 yilning oktabr oyida tayinlangan. Fanlar akademiyasi hamda Jahon fanlar akademiyasi aʼzosi. Bugungi kunda u oʻsimlikshunoslik boʻyicha bir qancha xalqaro va milliy jurnallarning tahririyat kengashi aʼzosi.
Mehnat faoliyati
- 1997-1998 yillarda Genetika va eksperimental oʻsimliklar biologiyasi institutida kichik ilmiy xodim, aspirant;
- 2002-2012 yillarda Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklarning eksperimental biologiyasi instituti Genomik texnologiyalar markazi laboratoriyasining loyiha menejeri;
- 2002-2008 yillarda amerikalik olimlar bilan hamkorlikda paxta genomikasi boʻyicha tadqiqotchi;
- 2008 yilda molekulyar genetika yoʻnalishi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan;
- 2011 yilda Fanlar akademiyasi molekulyar genetika va molekulyar biotexnologiya kafedrasi professori;
- 2012 yilda Fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, "Oʻzpaxtasanoat" uyushmasida yangi mustaqil tadqiqot markazi – Genomika va bioinformatika markazini tashkil etish jarayoni, keyinchalik tashkilot rahbari;
- 2017 yilda Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti vazifasini bajaruvchi;
- 2017-2022 yillarda Innovatsion rivojlanish vaziri;
- 2022 yilda Paxtachilik kengashi raisi;
- 2022-2023 yillarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri;
- 2023 yilning 24 oktabrdan Qishloq xoʻjaligi vaziri.
Mukofotlari
- 2010 yil – TWAS Xalqaro fanlar akademiyasi mukofoti;
2016 yil – "Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil" koʻkrak nishoni; - 2018 yil – "Elseviyer" ilmiy nashriyoti va Oliy taʼlim vazirligi hamkorligida "Qishloq xoʻjaligining eng yaxshi olimi-2018" mukofoti;
- 2021 yil – "Xizmat koʻrsatgan ixtirochi va ratsionalizator“ davlat mukofoti;
- 2021 yil – Fan va texnika rivojiga qoʻshgan hissasi uchun "Oʻzbekiston mustaqilligiga 30 yil" koʻkrak nishoni;
- 2022 yil – "Ipak yoʻli doʻstlik elchisi" mukofoti;
- 2023 yil – YuNESKOning tabiiy fanlar sohasidagi tadqiqotlar boʻyicha xalqaro mukofoti;
Oʻrinbosar Qosimov Akmaljon Malikjonovich 1979 yil Andijon viloyatida tugʻilgan. 2000 yil Qozon davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – iqtisod fanlari nomzodi. Oʻqishni tamomlagandan buyon qishloq va suv xoʻjaligi sohasi bilan bogʻliq turli joylarda, qator lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2021 yil 30 oktabrdan Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari. Ilmiy darajasi – biologiya fanlari doktori, professor.
Oʻrinbosar Yuldashev Qahramon Anvardjanovich 1972 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2007 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi boʻyicha telekommunikatsiya muhandisi. 2021 yildan buyon Qishloq xoʻjaligi vazirining agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Oʻrinbosar Shukurov Alisher Nematullayevich 1983 yil Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tugʻilgan. Mutaxassisligi – yurisprudensiya, xalqaro ekologiya va qishloq xoʻjaligi. 2003 yilda Toshkent davlat yuridik institutini (bakalavr), 2014 yilda Germaniya Grayfsvald universitetini (magistratura) tamomlagan. 2023 yildan Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari.
Maslahatchi Abdualimov Eshmirza Oʻrolovich 1957 yilda Jizzax viloyati Zomin tumanida tugʻilgan. Mutaxassisligi – muxandis-mexanik, siyosatshunos, iqtisodchi. 1979 yilda Toshkent avtomobil yoʻllar institutini, 1990 yilda Leningrad oliy partiya maktabini, 2008 yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. 2020 yildan vazirning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Vazirning iqtisodiyot, innovatsion rivojlanish va investitsiyalar masalalari boʻyicha maslahatchisi Oxunov Bunyodjon Ashurmatovich bu lavozimda joriy yilning mart oyida tayinlangan. Bunga qadar qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari edi.
Axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchi – matbuot kotibi Nazirov Dilshodbek Boxadirovich 1975 yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik institutini tamomlagan. Mutaxassisligi sharqshunos-filolog, arab tili va adabiyoti oʻqituvchisi. Uzoq yillar davomida OAV va axborot xizmatlarida katta tajriba orttirgan. Jumladan, "Oʻzbekiston 24" telekanali xronikal-hujjatli filmlar va jurnalistik surishtiruvlar studiyasining bosh muharriri, Markaziy saylov komissiyasida axborot siyosati masalalari boʻyicha faoliyat yuritgan. 2021 yilda "Shuhrat" medali bilan mukofotlangan. 2023 yildan buyon Qishloq xoʻjaligi vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi, matbuot kotibi, axborot xizmatlari boʻlimi boshligʻi lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.
Odinaxon Dehqonova tayyorladi.