platina.uz
Sport

Futzal boʻyicha jahon chempionati muxlislariga chegirmalar beriladi

Ular temiryoʻl chiptalarini 50 foiz chegirma bilan olishlari va jamoat transportidan bepul foydalanishi mumkin boʻladi. 

Futzal boʻyicha jahon chempionati muxlislariga chegirmalar beriladi

Oʻzbekistonda oʻtadigan futzal boʻyicha jahon chempionati muxlislariga temir yoʻl chegirmalari beriladi.

“2024 yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-195-son, 28.05.2024 y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Andijon, Buxoro hamda Toshkent shaharlarida 2024 yil 14 sentabr – 6 oktabr kunlari boʻlib oʻtadigan 2024 yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori darajada tashkil etish va oʻtkazish maqsadida quyidagilar tasdiqlandi:

- 2024 yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi;

- 2024 yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi.

Shuningdek, 2024 yil iyun va avgust oylarida Jahon chempionati bosh sovrini – Jahon kubogini ommaga tanishtirish uchun respublika boʻylab “Trophy experience” futzal turi marshruti ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslarni identifikatsiyalovchi va chiptalarni zamonaviy texnologiyalar (QR-kod) yordamida roʻyxatga oluvchi va tekshiruvchi maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi.

2024 yil avgust – oktabr oylarida Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar, shuningdek, Jahon chempionati oʻyinlariga chiptalari mavjud boʻlgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yoʻl chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy qilinadi.

Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar hamda oʻyin kunlari chiptalari mavjud boʻlgan shaxslar uchun jamoat transport vositalaridan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston musobaqaning A guruhida Niderlandiya, Paragvay va Kosta-Rika bilan oʻynaydi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid