Bayden Xitoyning Rossiyaga yordamini toʻxtatib qolgani maʼlum boʻldi
The Washington Post nashrining yozishicha, Xitoy Ukraina urushi boshlangach, Rossiyaga harbiy yordam bermoqchi boʻlgan.

Xitoy Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan keyin prezident Vladimir Putinning iltimosiga binoan Rossiyani qurol-yarogʻ bilan taʼminlashga tayyor boʻlgan, deb yozadi The Washington Post nashri sharhlovchisi Devid Ignatius nomi oshkor etilmagan rasmiylarga asoslanib. Biroq, AQSh prezidenti Jo Baydenning Xitoy rahbari Si Szinpinga qoʻngʻiroq qilganidan soʻng, qurol yetkazib berish rejasi bekor qilingan.
Nashrning yozishicha, Bayden Xitoy Rossiyani qurol-yarogʻ bilan taʼminlasa, AQSh choralar koʻrishi aytgan.
WP maʼlumotlariga koʻra, XXR hukumati "Rossiyaning harbiy harakatlariga yashirin yordam" ni sobiq bosh vazir oʻrinbosari Lyu Xe zimmasiga yuklagan boʻlgan. Ammo ehtimoliy sanksiyalar va xalqaro bosimdan choʻchigan XXR rahbariyati mazkur rejani amalga oshirishni ep koʻrmagan.
Davlat departamenti 2023 yil fevral oyida Xitoyni Rossiyaga noharbiy yordam koʻrsatayotganlikda ayblab chiqqandi. Oʻshanda ham Vashington Pekin Moskvaga qurol yetkazib berish imkoniyatlarini oʻrganayotganini aytgan edi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Xitoyning Rossiya Federatsiyasiga harbiy yordam koʻrsatganiga oid dalillarga ega emasligini aytgandi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozef Borrel esa Xitoydan Rossiyaga qurol yetkazib bermaslikni soʻradi.
Ukraina urushi boshlangach, Eron va Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol yetkazishga aylab kelinadi. Eron dronlar, Shimoliy Koreya esa turli-tuman raketalar yuborayotgani haqida farazlar mavjud. Ammo tomonlar bu maʼlumotlarni inkor etadi.