Xorazmda yuzlab ishsiz ayollarning muammolari hal etildi

Murojaatlar Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda oʻrganilib, ularni ijobiy hal qilish choralari koʻrildi.

Jamiyat
28-may, 10:23
Xorazmda yuzlab ishsiz ayollarning muammolari hal etildi

Prezident topshirigʻiga asosan davlat rahbari maslahatchisi oʻrinbosari - Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bandligini  taminlash borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Prezident Xalq qabulxonasining "Murojaatdan daromadga" loyihasi doirasida  Xorazm viloyatining Xazorasp, Shovot, Tuproqqalʼa hamda Yangibozor tumanlarida yashovchi deyarli 400 nafar murojaatchi ayollarning bandligini taʼminlashga erishildi. Murojaatlar Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda oʻrganilib, ularni ijobiy hal qilish choralari koʻrildi.

Masalan, Tuproqqalʼa tumanida  Prezident Xalq qabulxonasiga qilingan murojaatlar asosida 15 ta mahallada istiqomat qiluvchi 115 nafar xotin-qizlarga maqsadli ravishda besh yuz million soʻm moliyaviy yordam ajratildi. Shulardan, 113 nafar ishsiz ayollarga zamonaviy tikuv mashinalari xarid qilinib, kooperatsiya asosida yetakchi 10 nafar tadbirkorga biriktirildi. Shu orqali ularga tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanish, doimiy daromad manbaiga ega boʻlishlari uchun imkoniyat yaratildi. Ikki nafar ehtiyojmand ayollarga goʻzallik saloni jihozlari olib berildi.

Tuproqqalʼa tumanidagi "Saidlar" MFYda istiqomat qiluvchi 6 nafar ishsiz xotin-qizlarga tikuv mashinalari olib berilib, tikuvchilik xunari bilan shugʻullanib kelayotgan tadbirkor Yorqinoy Razzoqovaga biriktirildi. Xususan, Shaydo Xudoyberganovaning doimiy daromad manbai boʻlmagan. Endilikda uning ham bandligi taʼminlandi.

Tumanning "Soyopir" MFYda yashovchi Dilrabo Ismoilova va u bilan birga yana 11 nafar xotin-qizlarga ajratilgan tikuv mashinalari ularni bandligini taminlashga xizmat qildi.

Gulruh Sharipova, Nasiba Sobirovalar ham shu paytgacha ishsizlikdan qiynalib kelayotgan edilar. Chevar boʻlishga ishtiyoqi boru, ammo tikuv mashinasi olishga imkoniyati boʻlmagan bu ayollar ham endi tajribali  tadbirkor, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksportga yoʻnaltirayotgan  Norjon Iskandarovaga kooperatsiya asosida faoliyat yuritish uchun biriktirib berildi.

Shu oʻrinda aytish lozimki,  Tuproqqalʼa tumanining eng olis hududi hisoblangan "Sarimoy" MFYdan 20 nafar, "Navbahor " MFYdan 14 nafar,  band boʻlmagan xotin-qizlarga shu zaylda tikuv mashinalari berilib, jami, 34 nafarini ish bilan taminlashga erishildi.

Zamira Boltayeva boquvchisini yoʻqotgan ijtimoiiy himoyaga muhtoj ayollardan biri. U Prezident Xalq qabulxonasiga  ishlab daromad topish istagi borligini bildirib, bu borada amaliy koʻmak soʻragan edi. Murojaati qanoatlantirilib, yangi tikuv mashinasi ajratildi hamda mahallasidagi chevar Dunyo Boyjonovaga biriktirib berildi. Shu kabi 13 nafar ishsiz xotin-qizlarga tikuv mashinasi ajratildi. Endi ular ham   doimiy daromadga erishishi uchun harakat qila boshladilar. 

Yangibozor tumanida ham  Prezident Xalq qabulxonasining ushbu xayrli  tashabbusi orqali 30 ta mahalladan 113 nafar xotin-qizlar doimiy daromad topish imkoniyatiga ega boʻldilar. Ularning 35 nafari migratsiyadan qaytganlar, 48 nafari "Ayollar daftari"ga kiritilganlar, 14 nafari "Yoshlar daftari"ga kiritilgan, 16 nafari ijtimoiy himoyaga muxtoj ayollar. Ular katta tajribaga ega boʻlgan 31 nafar tadbirkor ayollarga kooperatsiya asosida biriktirildi.

Yangibozor tumanining "Doʻstlik" MFYda yashovchi Qirmizi Masilova ham bandlik masalasida murojaat qilganlarning biri. Oʻrganishlarda uning  oilaviy ahvoli ogʻir ekanligi maʼlum boʻlgach, tikuvchilikka oʻquvi borligini inobatga olib, tikuv mashinasi berildi. Bu imkoniyat yana 2 nafar ayollarga berilib, ular ham tadbirkor Shodiya Qoʻshjonovaga biriktirildi.

"Murojaatdan daromadga” loyihasining dastlabki bosqichida bandligi taʼminlanmagan ogʻir sharoitdagi xotin-qizlarni kooperatsiya asosida ishlab daromad topishlariga imkoniyat yaratilgan boʻlsa, keyinchalik ular orasidan tadbirkorlikka  qobiliyati borlari oʻz oilaviy korxonasini tashkil etilishiga yordam beriladi. Xalq bilan muloqotning yangi tizimi shu mexanizm asosida bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+