Taʼlim kreditini ajratish cheklanadi
Endi taʼlim krediti kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talaba va oʻquvchilarga ajratiladi.

Taʼlim krediti faqat kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talaba va oʻquvchilarga ajratiladi. Prezidentning byudjet hisobidan taʼlim kreditini ajratish boʻyicha farmoni eʼlon qilindi.
Shuningdek, taʼlim krediti:
- oliy taʼlim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun toʻlov-kontrakt summasi miqdorida;
- oliy taʼlim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi “3” dan past boʻlgan taqdirda toʻlov-kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi.
Bundan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari mustasno.
Taʼlim krediti uchun arizalarni Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Taʼlim krediti” axborot tizimi (taʼlim-krediti.mf.uz) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish imkoniyati yaratiladi. Axborot tizimi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2024 yil 1 iyulga qadar tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar barcha oliy va professional taʼlim tashkilotlarining toʻlov-kontrakt shartnomasi "kontrakt.edu.uz" va "prof.edu.uz" axborot tizimlari orqali shakllantirilishni yoʻlga qoʻyadi.




