Shimoliy Koreya sunʼiy yoʻldoshi havoda portlab ketdi: tafsilotlar
Janubiy Koreya, AQSh va Yaponiya vakillari mazkur voqea sabab shoshilinch telefon muloqoti oʻtkazdi.

Shimoliy Koreyaning sunʼiy yoʻldoshni orbitaga chiqarishga urinishi raketa portlashi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi, deb xabar berdi Yonhap Shimoliy Koreya rasmiy OAVlariga asoslanib.
Rasmiy Pxenyan raketa tashuvchi havoda portlaganini dvigatelning nosozligi tufayli izohladi.
Avvalroq Janubiy Koreya va Yaponiya OAVlari Shimoliy Koreya Sariq dengiz tomon raketa uchirgani haqida xabar bergan. Keyinroq raketa radarlardan gʻoyib boʻlgan va uning qoldiqlari dengizdan topilgan.
Associated Press agentligining qayd etishicha, Yaponiya Okinava aholisiga boshpana topishni maslahat bergan, biroq tez orada ogohlantirish bekor qilingan.
Dushanbaga oʻtar kechasi Shimoliy Koreya Yaponiyani yaqin kunlarda sunʼiy yoʻldoshli raketani uchirish niyati haqida xabardor qilgani maʼlum boʻlgandi.
Janubiy Koreya, AQSh va Yaponiya vakillari mazkur voqea sabab shoshilinch telefon muloqoti oʻtkazgan va KXDRning harakatidan norozilik bildirishgan. "Uch tomon Shimoliy Koreya xalqaro hamjamiyatning bir necha bor ogohlantirishlariga qaramay, harbiy razvedka sunʼiy yoʻldoshini uchirganini keskin qoraladi", — deyiladi bayonotda.
Ularning taʼkidlashicha, bu amaliyot "BMT Xavfsizlik Kengashining Shimolga ballistik raketa texnologiyasidan foydalangan holda bunday uchirishni taqiqlovchi rezolyutsiyalarini ochiqdan-ochiq buzish sanaladi".
Vakillar Shimoliy Koreyaning xatti-harakatlari "mintaqa va undan tashqarida tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid" ekanini qayd etdi.
Ular uch tomonlama muvofiqlashtirishni davom ettirishga va xalqaro hamjamiyat bilan "Shimoldan ehtimoliy qoʻshimcha provokatsiyaga tayyorgarlik koʻrishga" vaʼda berishdi.
Vakillarning qoʻshimcha qilishicha, Pxenyanning xatti-harakatlari uch tomonlama xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni faqat mustahkamlaydi.
Oʻtgan yilning noyabrida Shimoliy Koreya "Chollima-1" raketasi bilan "Mulligen-1" sunʼiy yoʻldoshini orbitaga olib chiqqan edi. Raketa Dongchang poligonidan uchirilgan. Uchirishni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In kuzatgan.
Bungacha Pxenyan orbitaga razvedka sunʼiy yoʻldoshini olib chiqishga ikki marta muvaffaqiyatsiz uringan - jumladan 2023 yilning may va avgust oylarida.