Iyun uchun taxminiy ob-havo eʼlon qilindi
Bu yil yoz iliq ob-havo bilan boshlanishi kutilmoqda.

Respublika Gidrometeorologiya xizmati yaqinlashib kelayotgan iyun oyi uchun taxminiy ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.
Oʻzbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixida 2021 va 2023 yillarning iyun oylari eng iliq boʻldi.
Eng sovuq iyun oylari 20 asrning oʻrtalarida, bu asrda hududning katta qismida 2003 va 2009 yillarning iyun oylarida kuzatilgan.
Bu yil yoz iliq ob-havo bilan boshlanadi. Harorat kunduz kunlari 28-33 daraja atrofida, janubda va choʻl hududlarda 35-38 darajagacha boʻladi, bu oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarga yaqindir.
Iyun oyining birinchi besh kunligida Oʻzbekiston boʻyicha asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat ayrim togʻ oldi va togʻli hududlarda 4-5 iyun kunlari qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat kechalari 14-19 daraja, kunduz kunlari 28-33 daraja, baʼzi joylarda 35 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda 37 darajagacha boʻladi.
6-10 iyunda ayrim kunlarda (1-2 kun) baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat kechalari 14-19 daraja, kunduz kunlari 28-33 daraja, shimolda va choʻl hududlarda 35-37 darajagacha boʻladi.
Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarda harorat asosan kechalari 15-20 daraja, kunduz kunlari 33-38 daraja, janubda va choʻl hududlarda 40 darajagacha boʻladi. Oyning ikkinchi oʻn kunligida qisqa muddatli yomgʻirlar yogʻishi ehtimoli koʻp.