Isroilning Rafahga hujumida oʻnlab odamlar halok boʻldi, Netanyahu esa urushni toʻxtatmoqchi emas
Isroilning zarbasi xalqaro gumanitar tashkilotlar, BMT hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan qoralandi.

HAMAS Tel-Aviv hududiga raketa uchirganidan keyin Isroil mudofaa kuchlari Gʻazo janubidagi Rafahga kuchli zarba berdi.
Yakshanba kuni kechqurun Gʻazo sektori janubidagi Rafah yaqinida Isroil havo hujumlari keskin tus olgan. Gʻazo Sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, hujumda 50 dan ortiq odam halok boʻlgan, oʻnlab odamlar yaralangan. Koʻchirilgan tinch aholi istiqomat qiladigan lagerda ham yongʻin chiqqani xabar qilingan.
Isroil mudofaa kuchlari XAMAS qarorgohiga zarba bergani va guruhning ikki qoʻmondoni oʻldirilganini maʼlum qilgan.
Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati Isroil kuchlari Rafahning shimoli-gʻarbidagi qochqinlar chodirlarini nishonga olganini va bu joyning Isroil tomonidan gumanitar hudud sifatida belgilanganini ilgari surdi. Qurbonlar soni yana ortishi mumkin.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mazkur holatni dahshatli tasodif deya atadi va tergov oʻtkazishga vaʼda berdi.
"Rafahda biz millionlab aholini evakuatsiya qildik, ammo harakatlarimizga qaramay, kecha fojiali voqea sodir boʻldi", dedi Netanyaxu parlamentda. "Biz ushbu hodisani tekshiramiz va xulosa chiqaramiz, chunki bu bizning siyosatimiz", deya qoʻshimcha qildi u. Lekin bosh vazirning aytishicha, Isroil toʻxtamaydi.
Isroilning zarbasi xalqaro gumanitar tashkilotlar, BMT hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan qoralandi. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozef Borrelning aytishicha, Isroil BMT sudining Rafahga hujumni toʻxtatishga buyruq bergan qarorini hurmat qilishi kerak.
“Bu operatsiyalar toʻxtatilishi kerak. Rafahda falastinlik tinch aholi uchun xavfsiz hududlar yoʻq, deb yozdi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron X ijtimoiy tarmogʻida. "Men xalqaro huquqni toʻliq hurmat qilishga va zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishga chaqiraman", degan u.
Irlandiya tashqi ishlar vaziri Maykl Martinning soʻzlariga koʻra, Yevropa Ittifoqi ilk bor Isroilga sanksiyalar kiritishni muhokama qilgan.




