"Agrobank"dan olingan mablagʻni talon-toroj qilgan bosh hisobchi jazolandi
Surxondaryoda bankdan ish haqi sifatida olingan mablagʻlarni oʻzlashtirgan bosh hisobchi aniqlandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Sherobod tuman sudi binosida "Agrobank"dan olingan ish haqi mablagʻlarini oʻzlashtirgan MChJ bosh hisobchisiga jazo tayinlandi. Ish boʻyicha sud hukmi Platina.uz`da mavjud.
Sudlanuvchi Gʻ.J. Qiziriq don mahsulotlari qabul qilish shoxobchasi katta hisobchisi lavozimida ishlab kelish bilan birga, “BARAKALI DUNYO-M EKSPORTI” MChJ bosh hisobchisi lavozimida faoliyat yuritgan. U 2021 yil 17 dekabr kuni “Agrobank” ATB Sherobod filialidan MChJ ishchi xodimlarining ish haqi uchun chek orqali 50.000.000 soʻm naqd pullarni olgan. Biroq shundan 48.000.00 soʻmini toʻlov qaydnomalariga soxta maʼlumotlar kiritib, jamiyatda mavsumiy ishlagan ishchilarning nomini toʻlov vedomostlariga kiritib, ular tomonidan ish haqi olinganligi toʻgʻrisida soxta maʼlumotlar kiritib, imzolarini soxtalashtirgan.
Natijada MChJning 48.000.000 mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan. Sudlanuvchi Gʻ.J. sudda ayblovga qisman iqrorlik bildirgan.
Sudlanuvchi Gʻ.Jumayevning sodir etgan jinoyatlari, ularning sudda aybiga qisman iqror boʻlib bergan koʻrsatmalaridan tashqari, fuqaroviy daʼvogarlar, guvohlar, kameradagi yozuvlar va boshqa dalillar asosida toʻliq isbotini topdi, deyiladi hukmda.
Ayni holatda sudlanuvchi Gʻ.J. tomonidan sodir etilgan jinoyat 2021 yil 17 dekabr kuni sodir etilgan boʻlib, shu kunga qadar 2 yildan ortiq vaqt oʻtgan. Bunday holda sudlanuvchi Gʻ.J.ni sodir etgan jinoyati uchun javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketgan.
Yakuniy hukmga koʻra, sudlanuvchi Gʻ.J. JK 167-moddasi 2-qismining “g” bandi bilan JKning 45-moddasi qoʻllanilib, 1 (bir) yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Unga shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining 100 (yuz) baravari miqdorida, yaʼni 27.000.000 (yigirma yetti million) soʻm jarima jazosi tayinlandi. Bunda sudlanuvchining qariyb 3 oy vaqt qamoqda oʻtirgani hisobga olinib, jarima 15.390.000 (oʻn besh million uch yuz toʻqson ming) soʻmga kamaytirildi.
Bundan tashqari yetkazilgan 48 million soʻm ham undirilishi belgilangan.