Tadbirkorlarga imtiyoz va subsidiyalar beriladi
Soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar va boshqa yengilliklar tadbirkorlar reytinggiga qarab taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi “Tadbirkorlik subektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-193-sonli qarori eʼlon qilindi.
Qarorga koʻra, yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar va preferensiyalar (imtiyozlar)ni taqdim etish tartibi joriy etiladi.
Jumladan, reytingi oʻrta va yuqori boʻlgan tadbirkorlarga imtiyozlar amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:
Reytingi yuqori toifaga kiruvchi tadbirkorlarga:
- “AAA” – amaldagi miqdorning 100 foizi.
- “AA” – amaldagi miqdorning 90 foizi.
- “A” – amaldagi miqdorning 80 foizi.
Oʻrta toifaga kiruvchi tadbirkorlarga:
- “VVV” – amaldagi miqdorning 70 foizi.
- “VV” – amaldagi miqdorning 60 foizi.
- “V” – amaldagi miqdorning 50 foizi.
Taʼkidlash joiz, mazkur qarorda faoliyat boshlaganiga 6 oy boʻlmagan tadbirkorlarga ham imtiyozlar berilishi koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, Prezident Farmoniga muvofiq 4 va 5-toifaga kiruvchi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga imtiyozlar, ularning reyting darajasidan qatʼi nazar, amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.
Tadbirkorlarning reyting darajasi pasayganda, imtiyozlar berish davri 3 oygacha saqlab qolinadi. Reyting yuqorilaganida esa, imtiyozlar keyingi oydan boshlab, yangilangan reyting darajasiga muvofiq hajmda beriladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab, subsidiya.mf.uz internet platformasida tadbirkorlarga taqdim etiladigan qoʻllab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini oʻz ichiga olgan alohida reyestr yuritiladi.