Qibray va Olmaliqda ikki yosh ishchi baxtsiz hodisa oqibatida vafot etdi
Viloyat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tafsilotlarni eʼlon qildi.

Toshkent viloyatida yana ikki nafar ishchi ish vaqtida baxtsiz hodisa qurboni boʻldi. Bu haqda viloyat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi buyruqlarida aytiladi.
Jumladan, Olmaliqda ishlab chiqarish korxonasi operatori J.X (2000 yilda tugʻilgan) ish jarayonida elektr payvandlash uskunasidan yongʻin chiqishi oqibatida ogʻir jarohat olib vafot etgan.
2024 yil 17 may kuni esa Qibrayda A.A (2000 yilda tugʻilgan) aloqa kabelini profilaktika qilish vaqtida tok urishi sabab vafot etgan.
Har ikkala hodisa yuzasidan komissiya tuzilib, hujjatlar tegishli joylarga taqdim etilishi belgilangan.
Biroz avval Qibrayda radar qurilmasini oʻrnatayotgan muhandis ham qurbon boʻlgandi.