Oʻzbekiston va Rossiya oʻzaro savdoda dollardan voz kechmoqchi

Bunday moliyaviy amaliyotlarni ikki davlat milliy valyutalari - mos ravishda rubl va soʻmda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. 

Iqtisod
27-may, 19:14
Oʻzbekiston va Rossiya oʻzaro savdoda dollardan voz kechmoqchi

Oʻzbekiston va Rossiya ikki tomonlama hisob-kitoblarda dollardan voz kechishi mumkin. Bunday moliyaviy amaliyotlarni ikki davlat milliy valyutalari - mos ravishda rubl va soʻmda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekistonga qilgan rasmiy tashrifi chogʻida shunday taklif oʻrganilayotgani aytildi. Xususan, Rossiya rahbari oʻzaro ikki tomonlama hisob-kitoblarning milliy valyutalarda amalga oshirishga oʻtishning muhimligini taʼkidlagan. 

Mazkur yangilik Oʻzbekiston valyuta bozoriga oz boʻlsada taʼsir koʻrsatdi: dollar kursi pasayib, rubl kursi oshdi. Rossiyalik ekspertlarning ishontirishicha, bunday qadam ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlaydi va AQSh dollariga qaramlikni pasaytiradi. 

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan haftada Xitoy va Rossiya oʻzaro toʻlovlarda dollardan voz kechish haqida qoʻshma bayonot bergan edi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvada oʻtgan Rossiya subʼektlari rahbarlari kengashining 42-majlisida soʻzlagan nutqida Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro moliyaviy hisob-kitoblarning 90 foizi milliy valyutalarga oʻtkazilganini maʼlum qilgan.

Avvalroq Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari Aleksandr Novak, Rossiya oʻz neft va gazining 80 foizini teng hajmda rubl va yuanda sotayotganini xabar qilgan edi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston va Rossiyaning ikki tomonlama hisob-kitoblarda dollardan voz kechishga urinishi ancha oldin – 2021 yildayoq boshlangan. Oʻshanda Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov Rossiya va Oʻzbekiston davlatlararo hisob-kitoblarda dollardan voz kechishning yangi mexanizmi ishga tushirganini bildirgan edi. 

"Bundan hamkorlar foyda qiladi – pulni dollarga konvertatsiya qilish zaruriyati yoʻqoladi, barcha hisob kitoblar rublda, komissiyasiz amalga oshiriladi. Rossiya prezidenti milliy valyutamizni (rublni - tahr.) davlatlararo hisob-kitoblarda qoʻllanilishini kengaytirish vazifasini qoʻygan. Bu Hamdoʻstlik mamlakatlarida iqtisodiy hamkorlikni va integratsilon jarayonlarni rivojlantirishning muhim vositasidir”, degan edi Maksim Reshetnikov.

Qayd etish joiz, Gʻarb kiritayotgan sanksiyalar tufayli Rossiya oʻz iqtisodiyotini rivojlantirish hamda tashqi dunyo bilan iqtisodiy aloqalarni oʻrnatishning muqobil mexanizmlarini izlamoqda. Ekspertlarning aytishicha, rubl qadrini koʻtarish, uni davlatlararo hisob-kitoblardagi ahamiyatini oshirishga qaratilgan bu kabi tashabbuslar ham ayni shu maqsadga xizmat qiladi

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+