platina.uz
Siyosat

Mirziyoyev va Putin tor va keng doirada muzokaralar oʻtkazdilar

Tomonlar yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.Shuningdek, bugun kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurish boʻyicha kelishuvlar imzolanadi.

Mirziyoyev va Putin tor va keng doirada muzokaralar oʻtkazdilar

27 may kuni Koʻksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirayotgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.

Qarorgoh oldidagi maydonda ikki mamlakat davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.Birgalikda suratga tushilgandan soʻng, davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boshlandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash va Rossiyadan investitsiyalar hajmi koʻpaymoqda, sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda. Qoʻshma loyihalar portfeli 45 milliard dollarni tashkil etdi.

Yetakchi korxonalarning qoʻshma loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qoʻshma investitsiya platformasini ishga tushirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar. Bugun davlat rahbarlari raisligida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtadi.

Shuningdek, yetakchilar energetika, shu jumladan atom energetikasi, qishloq xoʻjaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Koʻp qirrali madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanayotganiga yuqori baho berildi. Tashrif davomida Madaniy hamkorlik dasturi qabul qilinadi.Taʼlim va muhandis kadrlarni tayyorlash sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovlik strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Bu maqsadda Bosh vazirlar darajasidagi Qoʻshma komissiya va Hukumatlararo komissiyaning imkoniyatlaridan toʻliq foydalaniladi, ularning navbatdagi yigʻilishlari shu yil oxirigacha oʻtkaziladi.

Shuningdek, muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni, BMT, MDH, ShHT kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda boshqa koʻp tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Oʻzaro savdo aylanmasining barqaror surʼati taʼkidlandi. Soʻnggi 7 yilda u 2,5 barobar oshdi. Tomonlar yangi maqsadli koʻrsatkichga - yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar. Ushbu vazifani amalga oshirishga koʻmaklashish uchun Rossiyada Oʻzbekistonning toʻlaqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi. Bugungi sammitga energetika, metallurgiya, neft-kimyo, mashinasozlik, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, logistika, farmatsevtika, sunʼiy intellekt va boshqa koʻplab yoʻnalishlarda 20 milliard dollardan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi.

Bu kabi loyihalarni ilgari surish uchun qoʻshma Investitsiya platformasi ishga tushiriladi.

Energetika sohasida gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, uglevodorodlarni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tashrif doirasida Oʻzbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar imzolanadi.

Hududlar oʻrtasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi. Oʻtgan hafta Oʻzbekistonning barcha hududlari rahbarlari tashrif bilan Rossiyada boʻldilar. Bugun davlat rahbarlari raisligida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtadi.

Uchrashuv chogʻida delegatsiya aʼzolarining qisqa hisobotlari, turli sohalarda amaliy hamkorlik boʻyicha aniq takliflari tinglandi. Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yoʻnalish boʻyicha amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutilgan “yoʻl xaritalari”ni qabul qilishga topshiriq berdilar, deyiladi rasmiy xabarda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid