Ozodlikka intilayotgan Yangi Kaledoniya
Dunyo hamjamiyatida koʻrinayotgan yangi mojaroda Fransiya, Ozarbayjon va qisman Xitoy oʻzaro jigʻillashmoqda.
Parijdan 17 ming km. uzoqlikda, Fransiyaning tashqi hududida joylashgan Yangi Kaledoniyada ommaviy tartibsizliklar toʻxtamayapti. Fransuzlar u yerga qoʻshin yubordi. Va negadir... Ozarbayjonni qoʻzgʻolon koʻtarishga yordam berishda aybladi.
Mahalliy aholi Parijdan norozi
Fransiyaning xorijdagi hududi Yangi Kaledoniyada bir necha kundan beri notinchlik hukm surmoqda. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, mahalliy aholi va politsiya oʻrtasidagi toʻqnashuvlar natijasida 4 kishi halok boʻlgan, 200 ga yaqin kishi hibsga olingan. Mahalliy savdo-sanoat palatasi toʻqnashuvlardan koʻrilgan zararni 200 million yevroga baholagan.
Joriy yilning 13 may kuni tinch namoyish shaklida boshlangan noroziliklar tez vaqt ichida ommaviy tartibsizlik va talon-torojlarga aylanib ketdi. Namoyishchilar savdo markazlari va davlat idoralari binolariga oʻt qoʻyishdi. Politsiya bilan qurolli toʻqnashuvlar va otishmalar ham roʻy berdi. Fransiya IIV boshligʻi Jerald Darmanenning aytishicha, namoyish kuni 54 politsiyachi jabr koʻrgan, 82 huquqbuzar qoʻlga olingan.
Shu kunning oʻzida Fransiya bosh vaziri Gabriel Attal rasmiy Parij orolga qoʻshimcha harbiylar joʻnatishini eʼlon qildi. Ular dengiz portlari va aeroportlarni himoya qilishadi. Shuningdek, namoyishchilar oʻzaro maʼlumot almashuv va xalqni isyon koʻtarishda foydalanilayotgan TikTok ijtimoiy tarmogʻi faoliyati ham cheklab qoʻyiladi.
Noroziliklar sababi
Tartibsizliklarga Fransiya konstitutsiyaviy qonuni loyihasi sabab boʻldi. Unga koʻra, Yangi Kaledoniyada oʻn yildan ortiq yashagan fuqarolar mahalliy saylovlarda ovoz berishi mumkin. Qonun loyihasi hozir Milliy majlisda (Fransiya parlamentining quyi palatasi) koʻrib chiqilmoqda.
Hozirgi qonunchilikka koʻra, 1998 yildagi Numea kelishuvi imzolangan paytda saylov roʻyxatiga kiritilganlar va ularning farzandlari Yangi Kaledoniyada saylovlarda ovoz berish huquqiga ega. (Numea kelishuviga koʻra bu hududga kengroq muxtoriyat berilgan edi. – tahr.)
Yangi qonun Yangi Kaledoniya mustaqilligi tarafdorlarining gʻazabiga sabab boʻldi. Ular saylovchilar tarkibiga soʻnggi 20 yil ichida hududga koʻchib kelgan yevropaliklar ham kiritilsa, mahalliy muqim aholi kamchilik hisoblanib qolishidan xavotir olmoqda. Yangi koʻchib kelgan yevropaliklar saylovda qatnashish huquqiga ega boʻlsa, bu sharoitda qabul qilingan har qanday yangi qonunlar mahalliy aholi manfaatlarini himoya qilmay qoʻyishidan qoʻrqmoqda. Bunday ssenariyda esa Fransiyadan tinch yoʻl bilan mustaqil boʻlish orzusi bilan “xayrlashsa” ham boʻladi.
Yangi Kaledoniya va Fransiya munosabatlari
Maʼlumot oʻrnida aytish lozim, Yangi Kaledoniya – Fransiyaning dengiz orti hududi hisoblanadi. Bu hudud tarkibiga yirik Yangi Kaledoniya oroli hamda Tinch okeanining janubi-gʻarbiy qismida, Avstraliya va Fiji orollari orasida joylashgan kichik orollar majmuasi kiradi. Hudud maydoni – 18,5 ming kv. km. (asosiy yirik orol – 16,7 ming kv. km.)
Yangi Kaledoniya aholisi, 2019 yildagi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, 271,4 ming kishi boʻlib, ularning deyarli yarmi mahalliy kanak xalqidir. Maʼmuriy markaz – Numea shahrida 100 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi.
Fransiya Yangi Kaledoniyani 1853 yilda oʻz mulki deb eʼlon qilgan. 1998 yilda rasmiy Parij va Numea (Yangi Kaledoniya poytaxti) oʻrtasida Numea kelishuvi imzolangan. Kelishuvda kelajak 20 yil ichida Yangi Kaledoniyada orollarning kelajagi boʻyicha uchta referendum oʻtkazilishi belgilangan edi.
Oxirgi ovoz berish 2021 yilda oʻtkazilgan boʻlsa-da, COVID pandemiyasi tufayli haqiqiy emas, deb topildi. Qizigʻi shundaki, har uchala referendumda ham koʻpchilik aholi Fransiyadan mustaqil boʻlishga qarshi ovoz bergan. Shu bois Yangi Kaledoniya anchayin keng shakldagi avtonomiyasini saqlab qoldi, biroq taʼlim va mudofaa masalasida Parijga qaram boʻlib qolaverdi. Buning uchun orol Fransiyadan oʻziga xos kompensatsiya – subsidiya olib turadi.
Yangi Kaledoniyada Fransiya prezidenti tayinlaydigan Oliy komissar fransuzlar hokimiyatini tamsil etadi. Ijro etuvchi hokimiyat esa mahalliy hukumat qoʻlida.
Ozarbayjonning nima aloqasi bor?
Fransiya va uning tashqi hududi oʻrtasidagi mojarolar oʻz yoʻliga, biroq Parij toʻsatdan Ozarbayjonga “tashlanib qoldi”: Fransiya rasmiylari Yangi Kaledoniyada roʻy berayotgan voqealarda Ozarbayjonni ayblay boshladi. Ularning iddao qilishicha, Boku Yangi Kaledoniya ishlariga aralashib, odamlarni Fransiyaga qarshi gij-gijlab, oroldagi mustaqillik harakatini qoʻllab-quvvatlamoqda emish.
“...Ozarbayjonga kelsak, bu xayolot emas, bu haqiqat. Yangi Kaledoniya mustaqilligini targʻib qiluvchi ayrim guruhlarning yetakchilari, afsuski, Ozarbayjon bilan kelishib olgan, bunga shubha hech yoʻq”, degan Darmanen 16 may kuni France2 telekanalidagi chiqishida.
Goʻyo Bokuning aralashuvidan darak beruvchi “dalil”lardan biri shundaki, namoyishchilar FLNKS (fransuzcha Front de Libération Nationale Kanak et Socialiste – Mustaqillik uchun milliy ittifoq – Kanak sotsialistik milliy ozodlik fronti) bayroqlari bilan birga, Ozarbayjon bayroqlarini ham koʻtarib olishgan. Fransiya OAVning koʻplab reporjatlarida esa mustaqillik uchun kurashchilarning Ozarbayjonga xos belgi va suratlar tushirilgan futbolkalarni kiyib olganini koʻrish mumkin.
Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni qatʼiyan rad etib, ularni "tahqirlovchi bayonotlar" deb atadi va "Ozarbayjonga qarshi tuhmat kampaniyasini toʻxtatishga" chaqirdi. “Fransiya ichki ishlar vaziri Ozarbayjonni Yangi Kaledoniyadagi mustaqillik namoyishlarini qoʻllab-quvvatlashda ayblashdan koʻra, oʻz mamlakatining bunday noroziliklarga sabab boʻlgan xorijdagi muvaffaqiyatsiz siyosatiga eʼtibor bersa boʻlardi”, deyiladi departament bayonotida.
Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxan Gajizade esa “Inson huquqlari qoʻpol ravishda poymol qilinadigan, tartibsizliklar paytida namoyishchilar oʻldiriladigan, islomofobiya va musulmonlarga qarshi hujumlar keng tarqalgan, shuningdek, antisemitizm mavjud boʻlgan Fransiyadan farqli oʻlaroq, Ozarbayjonda asosiy inson huquqlari va erkinliklari toʻliq kafolatlangan”, dedi va rasmiy Parijdan uzr soʻrashni talab qildi.
Shubha uchun asoslar bor
Bu mojaroda kim haqligini aytish mushkul, biroq Fransiyaning Ozarbayjondan shubhalanishiga (bayroqdan tashqari) asos bor. Hatto 2 ta asos bor!
Birinchidan – Ozarbayjon Qoʻshilmaslik harakatining faol ishtirokchisi. Bu xalqaro siyosiy harakat 1961 yildan beri mavjud boʻlib, 120 ga yaqin davlatni harbiy bloklarda qatnashmaslik gʻoyasi ostida birlashtiradi. Boku bu harakatga 2011 yilda qoʻshilgan.
Ozarbayjon 2019-2022 yillarda ushbu harakatga raislik qilgan, 2019 yilda Prezident farmoni bilan tashkil etilgan Ozarbayjon xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi 2023 yilda Fransiya istilochiligiga qarshi Boku tashabbus guruhini ham yaratgan. Mazkur guruh 2023 yilda neokolonializm mavzusida bir nechta konferensiya oʻtkazgan. Jumladan, oʻtgan yilning oktabr oyida "Neokolonializm: inson huquqlarining buzilishi va adolatsizliklar", noyabr oyida esa "Dekolonizatsiya: ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish" mavzularida xalqaro tadbirlar uyushtirilgan.
"Dekolonizatsiya: ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish" konferensiyasida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev soʻzga chiqib, Fransiyani mustamlakachilik siyosatini davom ettirayotganlikda aybladi. “Oʻzining mustamlakachilik siyosatidan voz kecha olmayotgan Fransiya Yevropadan tashqarida, xorijdagi hamjamiyatlarda hamda Tinch, Hind va Atlantika okeanlari hududlarida yashovchi xalqlarning erkinlik va mustaqillikka intilishlarini hurmat qilmaydi va bunga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha choralarni koʻrmoqda", degan Aliyev. U oʻz nutqida Fransiyani 29 marta tilga olgan.
Eng gʻalatisi, Yangi Kaledoniyada boshlangan namoyishlardan bir oy avval Ozarbayjon parlamenti Milliy majlisda “Yangi Kaledoniya: tarix, zamonaviy muammolar va kutilayotgan kelajak” konferensiyasi boʻlib oʻtdi, unda Fransiyaning tashqaridagi hududlaridan siyosatchilar ham ishtirok etdi. Ozarbayjon parlamenti va Yangi Kaledoniya Kongressi (mahalliy parlament, har besh yilda saylanadigan 54 deputatdan iborat) oʻzaro hamkorlik haqida memorandum imzolashgan. “Biz ishonamizki, Yangi Kaledoniya mustaqillikka erishadi (!) va uning xalqi xalqaro tashkilotlarda mustaqil davlat vakillari sifatida ishtirok etishadi”, degan edi oʻshanda Ozarbayjon milliy majlisining xalqaro aloqalar qoʻmitasi rahbari Samed Seyidov.
Ikkinchidan, Ozarbayjon, sodda qilib aytganda, “dushmanimning doʻsti ham dushmanim” tamoyili asosida ish koʻrmoqda. Bu Togʻli Qorabogʻ mojarosi va Armaniston bilan bogʻliq.
Ozarbayjon va Fransiya oʻrtasidagi munosabatlar Qorabogʻda 2020 yil sentabr oyida boshlangan ikkinchi urushdan soʻng yomonlashdi. Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron Parij bu mojaroda Yerevanni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. (Fransiyada armanlar koʻp va arman lobbisi hukumatga taʼsir qila oladi).
Qorabogʻ toʻliq Boku nazoratiga oʻtganidan soʻng, Makron Fransiya “Armanistonga siyosiy va gumanitar yordam koʻrsatishda davom etish”, respublikaning “hududiy yaxlitligini diqqat bilan kuzatib borish” va zarur boʻlsa, arman xalqi va xalqaro huquqlarga rioya qilish uchun “Armaniston tarafda turib harakat qilishga” vaʼda berdi.
Boku bunga javoban Ozarbayjon Parijni qarshi targʻibotda va soʻnggi 3,5 yil ichida Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi munosabatlarning normallashuviga putur yetkazishda aybladi.
2024 yil aprel oyida Fransiya Ozarbayjondagi elchisini maslahatlashuvlar bahonasida chaqirib oldi va bu qadamni Bokuning “bir tomonlama harakatlari” bilan bogʻladi.
Qisqa qilib aytganda, Yangi Kaledoniya masalasi Boku uchun, ham qasos, ham ultimatum qoʻyish uchun yaxshi dastak hisoblanishi mumkin. “Yangi Kaledoniyaga aralashmasligimizni istasanglar, sizlar ham Armaniston bilan munosabatlarimizga aralashmanglar” maʼnosidagi siyosiy mujdani Parij allaqachon tushungan boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
Lekin, shu bilan birga, rasmiy Bokuning qayd etishicha, Ozarbayjon tomoni orolni qoʻllab-quvvatlashda siyosiy va maʼnaviy chegaradan chiqmagan. Parij shu paytgacha Ozarbayjonning oroldagi maxfiy faoliyati haqida ishonchli dalil keltira olmagan.
Qoʻshimcha sifatida aytish mumkinki, Ozarbayjon parlamentida Fransiyaning Oʻrta Yer dengizidagi orol hududi boʻlmish Korsika xalqini qoʻllab-quvvatlovchi guruh ham tuzilgan. Bu guruhdagi deputatlarning qayd etishicha, “Fransiya hukumati 150 mingdan ziyod odam gapiradigan tilni yoʻq qilish siyosatini yuritmoqda. Shuningdek, Korsika xalqining milliy oʻzligini yoʻqotishga urinmoqda”.
Boku Yangi Kaledoniyani “tashlab qoʻymoqchi” emas
Yangi Kaledoniyadagi norozilik namoyishlari fonida Boku tashabbus guruhi 15 may kuni namoyishchilar qoʻllab-quvvatlangan bayonot eʼlon qildi.
“Biz Fransiya xavfsizlik kuchlari tomonidan Kanak xalqiga nisbatan sodir etilayotgan zoʻravonliklardan qattiq xavotirdamiz. Ommaviy yigʻilishlarni taqiqlash, mustaqillik tarafdorlarining hibsga olinishini bu muammoning barqaror yechimi deb boʻlmaydi. Fransiya senati va milliy assambleyasi Yangi Kaledoniyada noqonuniy konstitutsion oʻzgarishlarni toʻxtatishi kerak”, deyiladi 15 maydagi bayonotda.
Boku tashabbus guruhining ushbu bayonotini Fransiyaning dengiz orti hududlari – Yangi Kaledoniya, Fransuz Polineziyasi, Fransuz Gviniyasi, Martinik va Gvadelupa mustaqilligi uchun kurashayotgan yana 14 ta tashkilot ham imzolagan.
Fransiya nega “tixirlik qilmoqda”?
Shu oʻrinda demokratiya va inson huquqlari hamda xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash tamoyillariga rioya etishini taʼkidlovchi Fransiya nega Yangi Kaledoniyani qoʻldan bermoqchi emas, degan haqli savol tugʻiladi. Parijdan uchgan samolyot Yangi Kaledoniyaga 24 soatda yetib keladi. Bunchalik uzoq hudud uchun jon-jahdi bilan kurashish uchun asoslar bor, albatta.
Gap shundaki, Yangi Kaledoniya iqtisodiyoti noyob metal – nikel qazib olishga asoslangan. Butun dunyoda aniqlangan nikel zaxiralarining 25 foizi shu hududda joylashgan! Nikel esa metallurgiya, elektronika, avtomobilsozlik, musiqa asboblari, oziq-ovqat va tibbiyot sanoati uchun oʻta muhim xomashyo. Xususan, nikel vositasida zanglamas va katta haroratga bardoshli poʻlat, metal qotishmalari hamda himoya qatlamlari ishlab chiqariladi. Nikel simlaridan musiqa asboblarining torlari, tibbiy protez va tish briketlari, oshxona anjomlari hamda kimyo sanoati uchun idishlar tayyorlanadi. Chunki nikel odam sogʻligi uchun mutlaqo xavfsiz. Nikel qotishmalari elektronika jihozlari va atom reaktorlari uchun ham oʻta zarur xomashyo.
Yangi Kaledoniya 2014 yilda 2 mlrd. dollardan ziyod hajmda feronikel, nikel rudasi va baliq eksport qilgan. 2015 yilda bu mahsulotlar eksportining 31,7 foizi Xitoy, 15,1 foizi Yaponiya, 10,6 foizi Janubiy Koreya, 8 foizi Avstraliya, 7,1 foizi Fransiya, 5,1 foizi Belgiya hissasiga toʻgʻri kelgan. Tahlilchilarning taxminiga koʻra, bu yirik orol mustaqil davlatga aylansa, oʻzini oʻzi bemalol “boqa” oladi.
Hech qaysi davlat bunday strategik mahsulot “xazinasini” qoʻldan chiqargisi kelmaydi, albatta.
Qolaversa, Fransiya prezidenti Makronning siyosiy ambitsiyalari ham bunga yoʻl qoʻymaydi. “Yangi Kaledoniyani qoʻldan bergan prezident” sifatida tarixda qolishni istamaydi.
Bundan tashqari, uzoq hududlarda ham taʼsirga ega boʻlish, savdo, iqtisodiy aloqalar, harbiy-siyosiy jihatdan ham katta imkoniyatlar yaratadi. Masalan, BMTning 1982 yildagi “Dengiz huquqi toʻgʻrisidagi Konvensiya”siga muvofiq, dengizga tutash sohilga yoki biror quruqlik, aytaylik, orolga ega boʻlish, unga tutash 12 dengiz mili – 22,224 km. hududdagi suvlarni ichki suvlar deb eʼlon qilish huquqini beradi. Bundan tashqari, turizm, ilmiy tadqiqotlar va boshqa maqsadlar uchun ham Yangi Kaledoniyani ushlab turish Fransiyaga koʻpgina ustuvorlik va imtiyozlar taqdim etadi.
Yana oʻsha Xitoy
Bu mojarolarda Ozarbayjon roli haqida gapirganda, ayrim tahlilchilar asl “qoʻgʻirchoqboz” – Xitoy ekanini aytishadi.
Avvalo, Xitoy Gʻarbning Tayvan, Tibet va Uygʻuriston masalalarida Pekin siyosatiga “burun suqishi”dan bezor va yuqorida muhokama etilgan masalalarga aralashib, Yevropa hamda AQShning “noinsoniy qiyofasini” koʻrsatib qoʻyishni istaydi.
Ikkinchidan, Xitoy Tayvan, Tibet va Uygʻuriston masalalarida uni yoqlab ovoz beruvchi “tarafkashlarni” koʻpaytirishdan manfaatdor. Ummondagi bu kabi mustamlaka hududlarni oʻz tarafiga tortish va imkon boʻlsa, ularning mustaqilligiga erishish – Xitoyga ulkan xalqaro-siyosiy bonuslar olib keladi. (Xitoyning Falastin va Afgʻoniston boʻyicha “jonkuyar va doʻstona” qadamlari ortida ham shu maqsad yotibdi, degan fikrlar mavjud.)
Uchinchi jihat esa, albatta, iqtisodiyot bilan bogʻliq. Bu kabi orollarda tabiiy qazilma boyliklarining koʻpligi hamda ularning muhim dengiz savdo yoʻllariga yaqin joylashgani Xitoyning mintaqada iqtisodiy va harbiy-siyosiy rejalarini amalga oshirishi yoʻlida xizmat qilishi mumkin.
Yaqin istiqbol
Joriy yilning 15 may kuni Fransiya orolda favqulodda vaziyat eʼlon qilib, qoʻshimcha harbiy kuchlarni joʻnatdi.
17 may kuni Fransiyaning Yangi Kaledoniyadagi Oliy komissari Lui Le Frank tartibsizliklar shiddati pasayganini aytdi. "Bu tun nisbatan tinchroq oʻtdi, biz tinchlik qaytganini eʼlon qilsak boʻlardi, ammo butun Numea aglomeratsiyasida hali tinchlik oʻrnatilmadi. Xususan, Numea shahar hududida yana toʻqnashuvlar sodir boʻldi va isyonkorlik kayfiyati saqlanib turdi", dedi Oliy komissar BFMTV telekanali efirida.
23 may kuni esa Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yangi Kaledoniyaga tashrif buyurdi.
“Hech narsa siyosiy yoki jinoiy zoʻravonlikni oqlay olmaydi”, degan Makron uni orolda kutib olgan jurnalistlarga.
Makron FLNKS yetakchilaridan “yaqin soatlar ichida” yoʻllarni ochishni talab qilgan. Evaziga favqulodda holat bekor qilinishini vaʼda bergan. Politsiya va jandarmlarga shahar va qishloqlar oʻrtasidagi aloqalarni tiklash, yaʼni yoʻllarni toʻsib olgan isyonchilardan tozalash uchun faol harakatlarga oʻtishga ruxsat berilgan. Shu maqsadda orolga 3 mingga yaqin politsiyachi va jandarm tashlangan. Shuningdek, politsiya zirhli mashinalari va vertolyotlar ham olib kelingan.
Lekin Makronning bu tashrifi strategik emas, taktik vazifalarni koʻzlaydi. U hozircha toʻpolonlarni toʻxtatish va keyin orol xalqini turli huquqiy-siyosiy rasmiyatchiliklar bilan “holdan toydirish”ni maqsad qilmoqda. Albatta, konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish ham bekor qilinmaydi, ortga suriladi xolos.
Tabiiyki, Makron orolga mustaqillik berishni xayoliga ham keltirmayapti. Oʻtgan 3 ta referendumda aholi bunga qarshi ovoz bergani Fransiya prezidenti uchun ajoyib dastak. Istiqbolda esa Makron yangi referendum emas, yangi kelishuvga erishishni maqsad qilmoqda. Bu kelishuvda mahalliy aholi va koʻchib kelgan fransuzlar – “kaldoshlar”ning saylov va boshqa huquqlari koʻrsatib berilishi rejalashtirilyapti.
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.
Telegramda kuzatib boring!