"Sizlar nafaqat Oʻzbekistonni, balki dunyoni oʻzgartirishingiz mumkin" — Prezidet bitiruvchilarni tabrikladi
Bugun Oʻzbekiston boʻylab umumtaʼlim maktablarida "Soʻnggi qoʻngʻiroq" tadbirlari boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktablarni bitirayotgan oʻquvchilarga tabrik yoʻlladi.
"Hamisha yodingizda tuting, har biringiz oʻziga xos isteʼdod sohibisiz, ularni roʻyobga chiqarish esa avvalo oʻzingizga, tinimsiz intilish va izlanishlaringizga bogʻliq.
Shu oʻrinda, sizning safingizda oʻqishni oltin va kumush medallar bilan tamomlayotgan yuzlab oʻgʻil-qizlarimiz borligini taʼkidlash oʻrinlidir. Hech qachon orzu qilishdan toʻxtamang, katta maqsadlar yoʻlida imkoniyatlaringizni sinab koʻrishdan, bu yoʻlda xato qilish va ulardan saboq olishdan qoʻrqmang. Chunki xalqimiz sizlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda" deyiladi tabrikda.
Shuningdek, davlat rahbari yoshlarning yangi gʻoya va tashabbuslari nafaqat Oʻzbekistonni, balki butun dunyoni oʻzgartirishi mumkinligini taʼkidlab oʻtdi. "Shuning uchun har qanday holatda ham oʻz oldingizga qoʻygan ezgu maqsadingizdan ortga chekinmang" deydi Prezident.
Eslatib oʻtamiz, bugun 25 may kuni Oʻzbekiston boʻylab umumtaʼlim maktablarida "Soʻnggi qoʻngʻiroq" tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Shu bilan 2023-2024 yilgi oʻquv yili oʻz nihoyasiga yetadi.