Davlat granti endi faqat bir oʻquv yili uchun ajratiladi
Prezident farmoniga koʻra, davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilindi. Kvotalarda muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlarga ustuvorlik beriladi.

Prezidentning "Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida" farmoni eʼlon qilindi. Unga koʻra, endi davlat grantlari faqat bir yil uchun ajratiladi, keyin baholarga qarab taqsimlanadi.
Farmon "oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli taʼlim olishlari uchun mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yoʻnaltirish maqsadida" qabul qilingan.
Prezident farmoni bilan 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab:
- davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari mustasno;
- davlat buyurtmasi boʻyicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi;
- davlat OTMlari uchun oʻrnatilgan tartib va shartlar boʻyicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi;
- davlat granti kvotalarining oliy taʼlim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlarning tanlovi va toʻplagan ballariga koʻra amalga oshiriladi;
- oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant va taʼlim granti shaklida ajratiladi;
- bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga taʼlim granti bir oʻquv yili uchun ajratiladi.
- taʼlim granti birinchi kursda oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan talabalarga ajratiladi;
- taʼlim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting koʻrsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;
- taʼlim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat toʻliq taʼlim grantini yutgan talabalarga toʻlanadi;
- ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant sohibi boʻlgan talabalarga davlat granti ularning oʻqish davri uchun toʻliq hajmda taqdim etiladi;
- taʼlim granti asosida tahsil olgan talabalarning oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.