Prezident yordamchisi oʻzi oʻqigan litseyga bordi
Saida Mirziyoyeva u yerdagi guruh rahbarini yoʻqlab, oʻquvchilik davrlarini esladi.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Jizzaxda oʻzi oʻqigan akademik litseyga borib, guruh rahbarini yoʻqlagan, oʻquvchilik davrlarini eslagan.
"Har safar may oyida Jizzaxdagi litseyda oʻqigan yillarim, u yerdagi soʻnggi qoʻngʻiroq esimga tushadi. Guruh rahbarimiz Zuhra Ziyatovna Yaxshiyevani koʻrgim kelaveradi. Bu yil niyatimga yetdim – jonajon litseyimga bordim, ustozim bilan koʻrishdim.
Rosa sogʻingan ekanman, maza qilib gaplashdik, litseyda oʻqigan yillarimni xotirladik, eski rasmlarni tomosha qildik. Litseyimiz hozir maktabga aylantirilibdi. Qadrdon dargohga kirib, sinfxonalarni aylanib, yana talabalik yillarimga – oltin davrimga qaytib qolganday boʻldim. Eng shirin xotiralarim uygʻondi", deb yozgan Mirziyoyeva.
Shuningdek, u maktabdagi oʻquvchilar va ularga yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishgan.