"Krokus Siti Xoll" terakti doirasida jami 20 dan ortiq kishi ushlandi

Rossiya FXX direktorining maʼlumot berishicha, ushlanganlar orasida terakt ijrochilari va ularning bevosita sheriklari bor. 

Jahon
24-may, 14:00
"Krokus Siti Xoll" terakti doirasida jami 20 dan ortiq kishi ushlandi

Moskva viloyatidagi "Krokus Siti Xoll"dagi terakt yuzasidan ochilgan jinoiy ish doirasida 20 dan ortiq kishi hibsga olindi. Bu haqda Rossiya FXX direktori Aleksandr Bortnikov maʼlumot bergan. 

"Maʼlumki, joriy yilning 22 mart kuni Moskva viloyatidagi "Krokus Siti Xoll" binosida dahshatli terrorchilik harakati sodir etilgan edi. Yuzlab begunoh insonlar, jumladan, ayollar va bolalar halok boʻldi", - deydi u. "Hozirda 20 dan ortiq odam hibsga olingan, ular orasida bevosita jinoyatchilar va sheriklar ham bor”.

FXX rahbarining soʻzlariga koʻra, tergovga Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondan kelgan hamkasblar yordam bermoqda. “Aniqlanishicha, terrorchilarga tayyorgarlik koʻrish, moliyalashtirish, hujum qilish va olib chiqib ketish Afgʻoniston-Pokiston hududida joylashgan "Viloyat Xuroson" guruhi aʼzolari tomonidan internet orqali muvofiqlashtirilgan. Hujumning toʻrt nafar ishtirokchisidan ikki nafari terrorchilik hujumidan biroz oldin Turkiyadan Rossiyaga kelgan”, — dedi Bortnikov.

Uning eslashicha, teraktdan soʻng "terrorchilar Ukraina chegarasiga oʻtish haqida aniq buyruq olgan, u yerda narigi tomondan yoʻlak tayyorlab qoʻyilgandi".

"Krokus Siti Xoll" konsert zalidagi terakt 22 mart kuni kechqurun sodir boʻldi. Binoga qurollangan odamlar bostirib kirib, tomoshabinlarga qarata oʻq uzgan. Hujumchilar binoni ham yoqib yuborishgan, natijada tom qulagan va konsert zali butunlay yonib ketgan. 140 dan ortiq odam halok boʻldi, 500 dan ortiq kishi jarohat oldi. Ertasi kuni Bortnikov teraktning toʻrt nafar aybdori qoʻlga olingani haqida xabar berdi. 

Rossiya rasmiylari Ukraina rahbariyatini terakt uyushtirganlikda aybladi. Ammo rasmiy Kiyev teraktga nisbatan har qanday aloqadorlikni rad etdi. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+