platina.uz
Jahon

Falastinni tan oluvchilar koʻpaymoqda: sabab va oqibatlar

Ikkinchi jahon urushi davridagi voqealar bois “tarixiy aybdorlik” hissidan va yahudiy lobbisining bosimidan qimtinib yurgan Yevropa ham Falastinni davlat sifatida tan ola boshlayapti.

Falastinni tan oluvchilar koʻpaymoqda: sabab va oqibatlar

Falastin muammosi boʻyicha xalqaro munosabatlar tizimida yangi burilish davri boshlandi: Ikkinchi jahon urushi davridagi voqealar bois “tarixiy aybdorlik” hissidan va yahudiy lobbisining bosimidan qimtinib yurgan Yevropa Ittifoqi davlatlari ham Falastinni davlat sifatida tan ola boshlayapti.

Bunga Isroil armiyasining Gʻazo sektorida falastinliklarga qarshi genotsid va urush jinoyatlarini davom ettirayotgani sabab boʻlmoqda. Ayrim davlat rahbarlari taʼkidlaganidek, “Yahudiy davlatining falastinlik tinch aholiga qarshi amalga oshirayotgan vahshiyliklari fashistlarning yahudiylarga qarshi amalga oshirgan jinoyatlaridan ham oshib tushmoqda”.

Yaqinda Irlandiya, Norvegiya va Ispaniya Falastin davlatini tan olishga qaror qildi. Qaror rasman 28 maydan kuchga kiradi.

“Ikki davlat yechimi - ham Isroil, ham Falastin uchun tinchlikka olib boradigan yagona yoʻldir”, - degan Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde. “Hozirgi muhim daqiqalarda biz Falastinni mintaqada tinchlik oʻrnatish boʻyicha keng qamrovli reja ustidagi ishlarni qoʻllab-quvvatlagan holda tan olamiz”.

Irlandiya Bosh vaziri Saymon Xarris ham uning mamlakati Falastin davlatini tan olishini aytdi. Saymon Xarris may oyi boshida BMT Bosh Assambleyasida boʻlib oʻtgan ovoz berish jarayonini esga oldi: oʻshanda BMTga aʼzo 143 davlat Falastinga tashkilotdagi maqomini kengaytiruvchi rezolyutsiya uchun ovoz bergan edi.

"Gʻazodagi falastinliklar eng ogʻir azob-uqubatlar, mahrumlik va ochlikni boshdan kechirmoqda", - degan Xarris. "Koʻpchilik uchun tasavvur qilib boʻlmaydigan va hamma uchun qabul qilib boʻlmaydigan gumanitar falokat real vaqtda sodir boʻlmoqda."

Madridda Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches 28 may kuni mamlakati Falastin davlatini tan olishini maʼlum qildi. "Biz Falastinni uchta soʻz bilan ifodalash mumkin boʻlgan koʻplab sabablarga koʻra tan olamiz: tinchlik, adolat va barqarorlik", degan Sanches. "Biz ikki davlat yechimi hurmat qilinishiga ishonch hosil qilishimiz kerak va oʻzaro xavfsizlik kafolatlari boʻlishi kerak." Har ikki tomonning tinchlik muzokaralari olib borishi muhim va shuning uchun biz Falastinni tan olamiz”.

Isroil munosabati

Isroil Irlandiya, Norvegiya va Ispaniyadagi elchilarini “shoshilinch maslahatlashuvlar uchun” chaqirib olganini aytdi.

Biroz vaqt oʻtgach, Isroil Ispaniyadagi elchisini ham chaqirib olganini eʼlon qildi.

"Isroil jim turmaydi; boshqa jiddiy oqibatlar ham boʻladi", degan Kats. "Agar Ispaniya Falastin davlatini tan olish niyatini amalga oshirsa, unga qarshi ham xuddi shunday qadam qoʻyiladi", degan Isroil tashqi ishlar vaziri Kats.

22 may kuni esa, Norvegiya, Ispaniya va Irlandiya Falastin davlatining mustaqilligini rasman tan olganidan quturib ketgan Isroil milliy xavfsizlik vaziri, ultraoʻng millatchi Itamar Ben-Gvir provokatsiya uyushtirib, Al-Aqso masjidini qamal qildi.

Isroil hukumati bir necha bor Falastin davlatchiligini tan olmasligini bildirgan va Gʻarbiy sohil va Gʻazo sektorida Falastin davlati tuzilishiga qarshi. Unga koʻra, bunday davlat Isroilning mavjudligiga tahdid soladi.

AQSh munosabati

AQSh Falastin davlatini rasman tan olmaydi. Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olish, jumladan, BMTga toʻlaqonli davlat sifatida qabul qilishga qarshi turgan yagona davlat AQSh hisoblanadi.

Qoʻshma shtatlar bu boradagi BMT rezolyutsiyalariga Xavfsizlik kengashining doimiy aʼzosi sifatida muntazam veto qoʻyib kelmoqda.

Vashington “Falastinni tan olishning hali vaqti kelmagan, bu muddatidan oldingi chora”, deb hisoblaydi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ham deyarli har bir chiqishida Isroil tarafida ekani va uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qilib kelmoqda. Hatto oʻz partiyadoshlari - demokratlarning Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish va Isroilni qurol-yarogʻ hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni cheklash, Falastin davlati tuzilishi borasida amaliy qadamlar qoʻyish haqidagi takliflarini ham rad etib kelmoqda.

Joriy yilning 21 may kuni AQSh Senatining Xalqaro munosabatlar boʻyicha qoʻmitasi tinglovlarida soʻzga chiqqan Davlat kotibi Entoni Blinken ham Isroilga yon bosib gapirdi. U Isroil hukumati takrorlab kelayotgan bahona – “oʻzini himoya qilish huquqi”ga aossiy urgʻu berdi. Senat aʼzolarining Gʻazo sektorida tinch aholi oʻldirilayotgani haqidagi savollariga esa, “AQSh tomoni ularning ahvolini yengillatish uchun barcha choralarni ishga solmoqda”, deya umumiy tarzda javob berdi.

Va boshqalar

Umuman olganda, Jahon boʻyicha esa 135 dan ziyod davlat, jumladan, sobiq sovet respublkalarining deyarli barchasi Falastinni davlat sifatida tan oladi.

May oyi boshida BMT Bosh Assambleyasining 193 aʼzosidan 143 nafari Falastinning BMTga aʼzo boʻlishini yoqlab ovoz bergan edi.

Yevropada esa faqat toʻqqizta davlat Falastin davlatchiligini qoʻllab-quvvatlamoqda.

Buyuk Britaniya ham Falastinni tan olish ustida ishlamoqda. Jumladan, joriy yil boshida Tashqi ishlar vaziri lord Devid Kemeron hukumat oʻz ittifoqchilari bilan birgalikda “Falastin davlatini, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotida tan olish masalasini koʻrib chiqishi” mumkinligini aytdi.

Avstraliya ham yaqinda Falastinni tan olishga tayyorligini maʼlum qildi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Penni Vong, hukumat va paralament Falastin davlatini tan olish masalasini koʻrib chiqayotganini aytgan. “Mintaqada ikki davlat mavjud boʻlishi – zoʻravonlikning adoqsiz doirasini uzishga yordam beradi” degan Vong xonim.

Deyarli barcha arab davlatlari Falastinni tan oladi va agar Gʻarb Falastin davlatini siyosiy jarayonning bir qismi sifatida tan olsagina, urushdan keyingi Gʻazoni qayta tiklashga yordam berishini taʼkidlaydi.

Toʻq yashil rangda  - Falastin davlatini tan olgan va u bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan davlatlar, och yashol rang bilan esa - Falastinni tan olgan, ammo diplomatik munosabatlar oʻrnatmagan davlatlar belgilangan.

Falastinni tan olishning huquqiy oqibatlari

Ayni paytda koʻplab davlatlar nafaqat Falastinni davlat sifatida tan olgan, balki u bilan diplomatik munosabatlar ham oʻrnatgan. Bu davlatlarda Falastin elchixonalari ham ochilgan.

Shu bois, Isroilning Falastinni tan olish va Falastin davlati tuzilishiga tish-tirnogʻi bilan qarshilik qilayotgani – burchakka taqalgan va quturgan vahshiyning ogʻzidan koʻpik sochgancha atrofdagilarga tashlanishiga oʻxshaydi. Biroq bu urinishilar vaqtincha. Chunki xalqaro hamjamiyat Isroil hukumatinining asl basharasini koʻrib boʻldi. Yahudiy davlatining yarim asr oldingi, roʻy bergani yoki koʻlami ayrim ekspertlar tomonidan shubha ostiga qoʻyiladigan, falastinlik ayollar va bolalarni oʻldirishni oqlay olmaydigan Xolokost “qalqoni” ortiga yashirinib, insoniyatga qarshi jinoyatlarini davom ettirishiga, xalqaro huquq qoidalariga namoyishkorona va istehzo bilan tupurib kelayotganiga endi ortiq toqat qila olmaydi.

AQShning himoyachiligi ham vaqt masalasi. Shu yil oxirida AQShda saylovlar oʻtkaziladi. Amerika xalqi esa Isroilning buzgʻunchi va vahshiyona qilmishlarini qoʻllab-quvvatlashdan charchagan. AQShda hatto aksilsionist yahudiylar ham Gʻazo sektorida qirgʻinbarotni toʻxtatish, Falastin davlatini tuzishni talab qilmoqda. Bu jarayon kuchayib borsa, qudratli yahudiy lobbisini ham Falastinni tan olish va mintaqada tinchlik oʻrnatish jarayoniga qarshilik qila olmay qolishi mumkin. Xalq ovozi muhim boʻlgan AQShda esa har qanday yahudiyparast siyosatchi ham eng avvalo oʻz lavozimida yana bir muddat qolishni oʻylaydi. Qolaversa, AQSh Isroilning ochiqdan-ochiq jinoyatlarini xaspoʻshlayverib, oʻz “yumshoq kuchini” ayamay isrof qilmoqda. Bu orada AQShning xalqaro hamjamiyat oldidagi imiji ham Isroilning qoʻli qonga botgan hukumatini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlishi mumkin.

Biroq Falastinni tan olish va uni BMTga qabul qilish bilan muammo hal boʻlib qolmaydi. Isroil shu paytgacha BMTning Falastin boʻyicha birorta ham rezolyutsiyasini bajarmagan va bajarmasligi oshkora aytib keladi.

Qolaversa, Isroil Gʻarbiy sohil va Joʻlon tepaliklarini ham istilo qilgan. Ayni paytda Falastin uchun BMT ajratgan hududlarni bosib olishda davom etmoqda. Bu yerda yashayotgan arablarni uyidan haydab chiqarib, xorijdan koʻchib kelayotgan “yangi” yahudiylarni joylashtirmoqda.

Bundan tashqari Isroil Quddusni oʻzining yagona va boʻlinmas poytaxti, deb hisoblaydi. Lekin xalqaro kelishuvlarga koʻra Sharqiy Quddus Isroilga tegishli emas. Shu bois Falastin davlati tan olinib, davlat tuzilgan taqdirda ham, chegaralarni belgilash va ularni qoʻriqlash masalasida hali koʻp qurolli toʻqnashuvlar kelib chiqishi mumkin.

Ming chaqirimli yoʻl ham birinchi qadamdan boshlanadi

Biroq Falastinning davlat sifatida tan olinishi katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu holda Isroil armiyasi istagan paytida “aksilterror yoxud qasos operatsiyasi“ bahonasida falastinliklar yeriga bostirib kirib, tinch aholini oʻldira olmaydi. Kirsa ham rasman agressiya hisoblanadi va bu sanksiyalar hamda xalqaro maydonda qoralanishiga, dunyo sahnida “yakkamoxov” boʻlib qolishiga sabab boʻladi.

Qolaversa, AQSh ham bu sharoitda Isroil tarafida boʻlishga qiynaladi. Agar Isroilni himoya qilishda davom etsa, boshqa agressor davlatlarni ham tan olgan boʻladi va hokazo.

Falastin mustaqil boʻlsa, oʻz taqdirini oʻzi belgilash, yesr osti va usti boyliklaridan, dengiz hududidan, soliqlaridan oʻzi istaganidek foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Boshqa davlatlar hamda xalqaro donor tashkilotlarning yordami ham Isroil orqali emas, bevosita Falastinga beriladi. Shuningdek, Falastin oʻz hududida istagan davlatning harbiy bazalarini joylashtirish, ulardan harbiy yordam soʻrash, havo hujumidan himoya tizimlarini oʻrnatish va boshqa koʻplab huquqlariga ega boʻladi. Boshqa davlatlar ham Falastinga ochiq va rasmiy harbiy-iqtisodiy yordam koʻrsata oladi. AQSh esa Falastin ittifoqchilariga qarshi urushish - Yaqin Sharqda yana bir Vetnam yaratishni istamaydi, albatta. Yana oʻsha gap – AQSh xalqi Yahudiy davlatining jinoyatlarini abadiy xaspoʻshlay olmaydi.

Qolaversa, Falastin mustaqil davlatga aylansa, Isroilning har bir jinoyati uchun uni Xalqaro jinoyat sudiga berishi, xalqaro tashkilotlarning huquqiy baho berishini, sanksiyalar kiritishini soʻrashi hamda Isroildan tovon puli talab qilishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, Falastin yetarli qurolli qarshilik koʻrsata olmagan taqdirda ham, Isroilni sudga berib, “tinkasini” quritishi mumkin.

Qisqasi, yaqin yillar va hatto oylar ichida xalqaro munosabatlar tizimini ulkan evrilishlar kutmoqda. Eng muhimi, Isroilning tajovuzkor siyosati tiyilishi oqibatida Yaqin Sharqda tinchlik oʻrnatilishiga ajoyib imkoniyat va umid paydo boʻlmoqda.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid