platina.uz
Iqtisod

2023 yildagi moliyaviy barqarorlik baholandi

Koʻchmas mulk bozorida uy-joy narxlarining yuqori baholanish tendensiyasi davom etmoqda. Soʻnggi yillar davomida yuqori surʼatlarda oʻsib borayotgan uy-joylarning bozor qiymati ushbu aktivlarga boʻlgan talabni yanada oshirmoqda.

2023 yildagi moliyaviy barqarorlik baholandi

Oʻzbekiston Markaziy banki 2023 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhini tayyorladi.

Unda 2023 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida moliyaviy zaifliklar xaritasi, global va Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi moliyaviy sharoitlar, moliyaviy sektordagi vaziyat, nomoliyaviy sektordagi holat, aktivlar bozoridagi holat, bank tizimi boʻyicha makro stress-test natijalari, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavflar, makroprudensial siyosat asoslarini takomillashtirish imkoniyatlari, moliyaviy barqarorlik uchun ichki va tashqi xatarlar kabi masalalar qamrab olingan.

Hujjatda keltirilishicha, Oʻzbekistonda 2023 yilda nisbatan qatʼiy moliyaviy sharoitlar saqlanib qolgan Tashqi sektordagi xatarlar boʻyicha kutilmalarning yomonlashishi, shuningdek xalqaro moliya bozoridagi yuqori oʻzgaruvchanlik taʼsirida moliyaviy sharoitlarning qatʼiylashishi kuzatilgan. Shunga qaramasdan, soʻnggi yillarda bank tizimida shakllangan nisbatan yuqori stress darajasi 2023 yil yakunida sezilarli pasaygani qayd etilgan.

Aholining qarz yuki oʻsmoqda

Tadqiqotlarga koʻra, oʻtgan yili muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi deyarli oʻzgarishsiz 3,5 foiz atrofida saqlanib turdi. Bunda, Oʻzbekiston boʻyicha muammoli kreditlar ulushi Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari boʻyicha 25 protsentil chegarasidan biroz yuqori darajani qayd etib, ushbu mintaqaning deyarli mediana koʻrsatkichlari doirasida shakllanishda davom etmoqda.

Aholining yalpi kreditlar boʻyicha qarz yukida oʻsish kuzatilmoqda. 2023 yil yakunida aholining yalpi kreditlar boʻyicha qarz yuki holatida yaxshilanishi kuzatilishiga qaramay, ushbu koʻrsatkich yillik hisobda ortgan. Aholining ipoteka kreditlari boʻyicha qarz majburiyatlarini bajarish imkoniyati bilan bogʻliq xavotirlar saqlanib qolmoqda. Shuningdek, soʻrovnoma natijalariga koʻra, bankdan qarzdor respondentlarning umumiy qarz yuki darajasi 87 foiz doirasida shakllangan.

Koʻchmas mulk narxlari oʻsishda davom etmoqda

Koʻchmas mulk bozorida uy-joy narxlarining yuqori baholanish tendensiyasi davom etmoqda. Soʻnggi yillar davomida yuqori surʼatlarda oʻsib borayotgan uy-joylarning bozor qiymati ushbu aktivlarga boʻlgan talabni yanada oshirmoqda. Yuqori talab sharoitida taklif hajmining sezilarli ortda qolishi uy-joy narxlarining fundamental omillarga, xususan aholi daromadiga bogʻliq boʻlmagan holda oʻsish tendensiyasini yuzaga keltirmoqda. Bundan tashqari, uy-joylarni ijara berish xizmati rentabelligining pasayishiga qaramay, spekulyatsiya omili taʼsirida koʻchmas mulk bozorida yuqori faollik va talab hajmi ortgan. 2023 yil davomida koʻchmas mulk bozorida uy-joylarning oʻrtacha bozor narxi fundamental narxidan 24 foizga yuqori baholanishi kuzatildi.

Avtokreditlar oʻsish surʼati sekinlashdi

Makroprudensial choralarning qatʼiylashtirilishi natijasida 2023 yilning ikkinchi yarmida avtokreditlarning yillik oʻsish surʼatida sekinlashish kuzatildi. Makroprudensial choralar avtomobil narxlarining keskin pasayishi sharoitida avtokreditlar boʻyicha yoʻqotishlarni tijorat banklarida zaxira bilan taʼminlash hamda avtomobil bozorida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarning bank tizimi moliyaviy barqarorligiga taʼsir koʻlamini kamaytirish imkonini beradi.

Korporativ sektorning moliyaviy holati yomonlashdi

2023 yilda korporativ sektordagi moliyaviy holat biroz yomonlashdi. Tanlab olingan yirik korxonalarning leveraji oʻsuvchi dinamikani namoyon etdi. Korxonalar uchun xorijiy valyutadagi bank qarzlariga xizmat koʻrsatish xarajatlarining oʻsishi, foizli xarajatlarni qoplash koeffitsiyenti hamda rentabellik koʻrsatkichlarida pasayish kuzatildi. Ushbu koʻrsatkichlardagi oʻzgarishlarning saqlanib qolishi korporativ sektorda shoklar yuzaga 4 kelgan taqdirda moliya tizimida ham sezilarli yoʻqotishlarga olib kelishi mumkin.

Prognozlar

2024–2026 yillar uchun oʻtkazilgan makro stress-test natijalari asosiy ssenariy boʻyicha bank tizimining makroiqtisodiy shoklarga bardoshliligini, xatarli ssenariy boʻyicha esa sezilarli yoʻqotishlar yuzaga kelishi mumkinligini koʻrsatdi. Asosiy ssenariy boʻyicha bank tizimi kapital monandliligi va leveraj koeffitsiyentlari oʻrnatilgan minimal talablardan yuqori, xatarli ssenariy boʻyicha esa bank tizimi kapital monandlilik 5 koeffitsiyenti minimal talabdan pastda shakllanishi ehtimoli mavjud. Xatarli ssenariyda iqtisodiy faollikning pasayishi va soʻmning qadrsizlanishi xorijiy valyutada qarz oluvchilarda qarzga xizmat koʻrsatish boʻyicha qiyinchiliklarni yuzaga keltirib, muammoli kreditlar miqdori va kreditlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlar hajmining ortishiga sabab boʻlishi mumkin.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid