Havoni bulgʻaydigan zavodlarga taqiq va cheklovlar kiritilyapti
Cheklovlar poytaxt hududi va Toshkent, Qibray, Yuqorichirchiq va Zangiota tumanlarida amal qiladi.

Poytaxt va uning atrofidagi havoni bulgʻaydigan issiqxona xoʻjaliklari, isitish qozonlari va sanoat korxonalari hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodlari faoliyatiga bir qator yangi taqiq va cheklovlar belgilanmoqda.
Prezidentning "Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalar va sanoat korxonalari tomonidan atmosferaga chiqarilayotgan tutun va zaharli gazlarni keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Jumladan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Toshkent, Qibray, Yuqorichirchiq va Zangiota tumanlarida 2024 yil 1 iyuldan boshlab:
- Markaziy bank, tijorat banklari va boshqa kredit tashkilotlariga davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlmagan issiqxona xoʻjaliklari va sanot korxonalarini moliyalashtirish va ularga kredit ajratmaslik tavsiya etiladi;
- Toshkent shahri va uning atrofidagi sanitariya himoya mintaqasida (rejimli obʼektlar atrofida) qoʻshimcha issiqxona va atmosfera havosini ifloslantiruvchi korxonalar barpo qilinishi toʻxtatiladi;
- mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar issiqxonalarda yaroqsiz shinalar, bitum, plyonka, plyonkali-sintetik karton, rezina, jun tolasi kabi chiqindilarni yoqilgʻi sifatida foydalanish taqiqlanadi.
Qaror loyihasida, shuningdek, koʻmir, mazut va pellet yoqilgʻisida faoliyat olib boruvchi issiqxona hoʻjaliklari, sanoat korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni samaradorlik darajasi 99,5 foizdan kam boʻlmagan chang-gaz tozalash uskunalari bilan taʼminlash maqsadida, rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilayotgan chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish ham nazarda tutilgan.
Shu bilan bir qatorda, issiqxona xoʻjaliklari va sanoat korxonalarinida zamonaviy qozonxona va yuqori samarador chang-gaz tozalash uskunalari, avtomatik monitoring stansiyalari va statsionar kuzatuv postlari oʻrnatish tavsiya etilgan.
Qaror loyihasiga 2024 — 2026 yillarda Toshkent shahri atrofida issiqxona xoʻjaliklari oʻz va tutash hududlarida "yashil belbogʻ"lar barpo etish dasturi ham ilova qilingan.
Taʼkidlash joiz, bu prezident qarorining loyihasi boʻlib, 6 iyungacha qadar ushbu loyiha yuzasidan berilgan taklif va mulohazalar oʻrganib chiqilgan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.