Oʻzbekiston ilk bor 3 ta valyutada suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirdi
Mazkur xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablagʻlar davlat budjeti taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston ilk bor 3 ta valyutada suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
21 may kuni Oʻzbekistonning umumiy qiymati qariyb $1,5 mlrdga teng navbatdagi suveren obligatsiyalari birinchi marotaba 3 ta valyutada xalqaro moliya bozorlarida joylashtirildi.
Xususan, 3 ta valyuta – AQSh dollarida 7 yillik, yevroda “Barqaror rivojlanish maqsadlari"ni moliyalashtirishga 3 yillik va milliy valyutada suveren obligatsiyalarni joylashtirish boʻyicha buyurtmalar qabul qilinishi eʼlon qilindi.
Kun davomida Oʻzbekistonning suveren xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami $5,5 mlrd miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi.
Shundan AQSh dollaridagi (7 yillik) obligatsiyalarga — $3 mlrd, yevrodagi (3 yillik) obligatsiyalarga — 2 mlrd yevro hamda soʻmdagi (3 yillik) obligatsiyalarga 4 trln. soʻm taklif etilgan.
Qabul qilib olingan buyurtmalar natijasida quyidagilarga erishildi:
- 600 mln dollar miqdoridagi 7 yillik obligatsiyalar boʻyicha kupon stavkasi 6,9 foiz;
- 600 mln yevro miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar boʻyicha 5,375 foiz;
- 3 trln soʻm miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar boʻyicha 16,625 foiz.
Maʼlumot uchun: ichki moliya bozorlarida chiqarilgan 3 yillik davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha foiz stavkasi 17,9 foizni tashkil etmoqda.
Qayd etish lozimki, yevrodagi suveren xalqaro obligatsiyalar Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.
Mazkur dastur "Mablagʻlarni taqsimlash" va "Loyihalarning Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga taʼsiri" boʻyicha hisobotlarini tayyorlash va eʼlon qilishni ham koʻzda tutadi.
Mazkur xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablagʻlar Davlat budjeti taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.