Raisiy oʻlimidan soʻng Eronni nimalar kutyapti?

Raisiy siyosatga kecha kelib qolgan shaxs emas. U yoshligidan shohga qarshi inqilob ruhiyati bilan katta boʻlgan. Oyatulloh hukumati oʻrnatilgach, hokimiyatdagi muhim odamlardan biriga aylangan.

Tahlil
21-may, 9:11
Raisiy oʻlimidan soʻng Eronni nimalar kutyapti?

Joriy yilning 19 may kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy oʻtirgan vertolyot Ozarbayjon chegarasidagi togʻli hududda halokatga uchradi. Kuchli tuman sababli koʻrish va parvoz sifati yomonlashgani halokatga sabab boʻlgan.

Vertolyotda prezidentdan tashqari Eron tashqi ishlari vaziri Husayn Amir Abdullahiyon hamda yana 9 nafar amaldor, xususan, Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyati rahbari Malik Rahmatiy va Tabriz viloyati oyatullosi Ali Hoshimlar ham halok boʻlishgan. Ularning janoza namozi 21 may kuni Tabriz shahrida oʻqiladi.

Eronning Oliy rahnamosi Ali Homanaiy prezident Raisiy xotirasiga butun mamlakat boʻylab 5 kunlik motam eʼlon qildi.

Ziddiyatli sobiq prezident

Ibrohim Raisiy 1960 yilda Eronning Mashhad shahrida, diniy olimlar oilasida dunyoga kelgan. Asli yurist boʻlgan Raisiy 2021 yilda prezident boʻlib saylanishidan oldin, Eronning sud hokimiyatida rahbarlik qilib kelgan.

Raisiy siyosatga kecha kelib qolgan shaxs emas. U yoshligidan shohga qarshi inqilob ruhiyati bilan katta boʻlgan. Oyatulloh hukumati oʻrnatilgach, hokimiyatdagi muhim odamlardan biriga aylangan. Gʻarb OAVlari Raisiyni koʻproq 1988 yil 19 iyuldan boshlab, 5 oy davomida shia mullari rejimiga muxolif siyosiy kuchlarning vakillarini (ayrim maʼlumotlarga koʻra, 30 ming kishiga yaqin) sud va tergovsiz qiynab oʻldirishgan davrlar bilan bogʻlab eslaydi. Chunki Ibrohim Raisiy 1988 yilda siyosiy mahbuslarni oyatulloh Humayniy buyrugʻi bilan ommaviy qatl qilish jarayonlarining tashkilotchilaridan biri boʻlgan emish. Albatta demokratlar bu qatllarni “Eron tarixida insoniyatga qarshi eng katta jinoyat” deb baholagan boʻlsada, Eron hukumati hozirgacha buni tan olmagan.

Shu bilan birga, Eron – geosiyosiy jihatdan juda muhim davlat hisoblanadi. Eronda 1979 yilda islom inqilobi amalga oshirilgach, Eron Islom Respublikasining AQSh boshchiligidagi Gʻarb davlatlari bilan, ayniqsa Isroil bilan (Falastin mojarosi masalasida) munosabatlari juda ziddiyatli boʻlib qolmoqda.

Shu boisdan ham, Eron prezidenti oʻtirgan vertolyot halokatga uchrashi va prezident vafot etishi koʻplab ekspertlar va keng jamoatchilik tomonidan har xil shubha va gumonlarga sabab boʻlishi tabiiy.

Kim manfaatdor?

Albatta rasmiy bayonotlar va mantiqiy xulosalarga koʻra, Eron prezidenti tabiiy halokat qurboni boʻldi. Ammo biror ehtimoliy jinoyat shubha ostiga qoʻyilsa, eng avvalo, “kim manfaatdor” degan savol qoʻyiladi.

Ayrim tahlilchilar Ozarbayjon versiyasini koʻrib chiqish ham shart emas deyishadi. Toʻgʻri, Ozarbayjon - Eronning azaliy dushmani boʻlgan Isroil bilan yaqin munosabatlarda.

Eron esa mamlakatdagi ozarbayjon separatizmi va mintaqadagi turkiy birdamlik kuchlanishidan xavotir olishi bois, Armaniston va Rossiya geopolitik manfaatlarining tarafdori hisoblanadi.

Biroq, Ozarbayjon prezidenti bilan uchrashib, Araks daryosiga oʻrnatilgan toʻgʻonning ochilish marosimidan qaytayotgan Eron prezidentining tinchgina manziliga yetib olishidan avvalo Ozarbayjon tomoni manfaatdor.

Qolaversa, Raisiyning yoʻq qilinishi Eron-Ozarbayjon munosabatlarida ham deyarli oʻzgarish olib kelmaydi.

Yana bir taxminga koʻra, Raisiy Eron elitasi ichidagi muxolif kuchlarning qurboni boʻlgan emish. Chunki Eron prezidenti boshchiligidagi davlat delegatsiyasi qoʻshni Ozarbayjonga borgan va davlat ahamiyatidagi yirik kelishuvlarni muvaffaqiyatli yakunlab, qaytish jarayonida aviahalokatga uchragan. Eron prezidenti korteji uchta vertolyotdan iborat boʻlgan. Qolgan ikki vertolyot manzilga yetib borgan, faqatgina prezident Ibrohim Raisiy oʻtirgan vertolyot halokatga uchragan. Bu koʻpchilikda shubha uygʻotgani bor gap.

Biroq yana oʻsha muhim savol: kim manfaatdor? Eron prezidentlik respublikasi, bu yerda davlat boshligʻi saylovlar orqali belgilanadi. Qandaydir siyosiy guruhlar yoki shaxslarning oʻz gʻarazli maqsadlariga bu yoʻl bilan erishishlari sogʻlom aqlga toʻgʻri kelaydi.

Yana bir muhim omil: Eronning asl davlat rahbari - diniy rahnamo, Oyatulloh hisoblanadi. 1989 yildan buyon Ali Hominaiy ana shu lavozimni egallab kelmoqda.  Eronda milliy xavfsizlik, ichki va tashqi ishlar, siyosiy yoʻnalishlarning barchasini oyatulloh – Ali Homanaiy belgilab beradi. Eron prezidenti esa shunchaki ijrochi shaxs. Oliy qarorlarni Ali Homanaiy qabul qiladi, prezident ularning ijrosini taʼminlaydi va imomga, diniy kengashga va parlamentga hisobot beradi.

Qolaversa, ekspertlarning aytishicha, Ibrohim Raisiy – konservator siyosatchi boʻlgan. Raisiy yoki Ali Homanaiy hamda Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi oʻrtasida biror kelishmovchiliklar koʻzga tashlanmagan.

Demakki, Raisiyni oʻldirish hozircha maʼlum biror bir nodoʻstona kuchlarning manfaatlariga mos boʻlmagan.

Endi nima boʻladi?

Xulosa qilib aytganda, Eron prezidentining halok boʻlgani mamlakatning ichki va tashqi siyosati yoʻnalishiga taʼsir qilmaydi. Yaqin soatlar ichida prezident va boshqa eronlik marhum amaldorlarning oʻlimi yuzasidan davlat komissiyasi tuziladi. Komissiya tarkibida xalqaro kuzatuvchilar ham ishtirok etishi kutilmoqda. Prezident va uning mulozimlarining halokati boʻyicha aniq xulosa va maʼlumotlar kamida 1 bir oydan keyin ommaga eʼlon qilinishi mumkin.

Ayni vaqtdagi oʻzgarishlarga koʻra, halok boʻlgan prezident vazifalarini 2021 yildan beri vitse-prezident lavozimini egallab kelayotgan Muhammad Muxbir vatincha bajarishga kirishadi. Prezident oʻlimidan 50 kun oʻtgach, esa mamlakatda prezidentlik saylovlari oʻtkaziladi.

Albatta Eronning navbatdagi prezidenti Oyatulloh “nazari tushgan” siyosatchi boʻlishi tabiiy. Biroq, Gʻarb tahlilchilarining aytishicha, Eronning navbatdagi prezidenti Muhammad Boqir Qolibof boʻlishi mumkin. U 2020 yildan beri Eron Majlisi (parlamenti) raisi sifatida siyosiy faoliyat yuritib keladi. 2005-2017-yillarda Eron poytaxti Tehron shahrining hokimi boʻlgan.

2020 yilda Eron ( bir palatali) parlamentiga oʻtkazilgan sayovlarda Muhammad Qolibof poytaxtdagi har qanday nomzoddan koʻra koʻproq - 1,2 millionta ovoz olgan. Uning omma mehrini qozongani, ayniqsa poytaxtliklar orasida mashhurligi bois, 2021 yildagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini soʻrashgan. Biroq ayrim sabablarga koʻra, nomzodlar roʻyxatiga kirmagan. Biroq, 2 oydan keyin oʻtkaziladigan prezidentlik saylovlarida uning nomzodi ham qoʻyilishi va hatto gʻolib boʻlishi uchun ham poydevor hozirdanoq mavjud.

                                                                                                                                                                                                                                                                                                       Abulfayz Sayidasqarov sharhladi

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+