platina.uz
Jahon

Gʻazo sektoridagi falastinliklar va xorijdagi eronliklar Raisiyning oʻlimini bayram qilishmoqda

2014 yilda bir tarafdan Isroil Gʻazo sektorini, ikkinchi tarafdan Eron armiyasi Asad armiyasi bilan hamkorlikda Yarmuqdagi falastinlik qochoqlarning lagerini blokada qilgan edi.

Gʻazo sektoridagi falastinliklar va xorijdagi eronliklar Raisiyning oʻlimini bayram qilishmoqda

Erondagi va xorijdagi eronliklar marhum Raisiyning inson huquqlari va soʻz hamda vijdon erkinliklariga qarshi olib borgan shafqatsiz siyosatini yodga olishgan boʻlsa, mamlakatdagi etnik ozarbayjonlar Raisiyning goʻyoki “seperatistik” kayfiyatdagi faollarga qarshi repressiyalarini yana bir bor xotirlashdi.

Erondagi sunniylar esa marhum prezidentning sunniylar kompakt yashovchi Siiston va Beljiston muhofazalarining maʼmuriy chegaralarini oʻzgartirish va undagi sunniylarni boshqa hududlarga tarqatib, boʻlib yuborish gʻoyalaridan nafratlarini yashirib oʻtirishmayapti.

Ozarbayjonliklar esa Raisiyning Togʻli Qorabogʻ masalasida Armaniston tarafida, yaʼni oʻz shia birodarlariga qarshi pozitsiyada turib, rasmiy Boku manfaatlariga zid siyosat yuritgani, armanlarni qurol-yarogʻ hamda razvedka maʼlumotlari bilan taʼminlash masalasida “jonbozlik” koʻrsatgani, shuningdek, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun oʻta muhim yoʻl – mintaqani Yevropa bilan bogʻlovchi Zangeuzar koridorining ochilishiga qarshilik qilayotganini yodga olishdi.

Ayrim kuzatuvchilar "Eron Isroilga yakka oʻzi qarshilik qildi" yoki "Falastin uchun faqat Eron kurashyapti" degan tushunchalarda yurishadi. Biroq natijalarga qaraydigan boʻlsak, Eronning goʻyoki falastinliklar manfaati uchun qilgan saʼy-harkatlari faqat oʻzining aksilisroil va aksilamerika manfaatlari yoʻlida qilingan xolos. Falastin mustaqil boʻlishi uchun Eron kiritgan birorta rezolyutsiya yoki "yoʻl xaritalari"ni keltirish qiyin. Aksincha, mintaqada tinchlik oʻrnatilishi va Falastin mustaqilligi yaqinlashgandek koʻringan davrlarda Eron oʻzining "Hizbullo" jangarilari orqali Isroilga raketa otib, ular shartnomalarni buzishi uchun tayyor bahona yaratib bergan.

Falastinliklar, xususan Gʻazo sektoridagi musulmonlar ham Eron hukumatining biror amaliy yordamini eslay olishmaydi. Aksincha, Eron hukumatining Suriyada Bashar Asad rejimi armiyasiga yordam berib, sunniylarni qirgʻinbarot qilayotganini tilga olishadi xolos.

Jumladan, 2014 yilda bir tarafdan Isroil Gʻazo sektorini, ikkinchi tarafdan Eron armiyasi Asad armiyasi bilan hamkorlikda Yarmuqdagi falastinlik qochoqlarning lagerini blokada qilgan edi. Falastinliklar Asad rejimini qoʻllab-quvvatlamagani bois, eronliklar bu lagerga xalqaro gumanitar yordam doirasida kelayotgan yoqilgʻi, dori-darmon va oziq-ovqatlarning birortasini ham oʻtkazmagan. Lagerdagi musulmonlarning ochlik, tashnalik va kasallikdan qiynalishlari, 205 falastinlikning ochlikdan oʻlgani ham Eron kabi “ummat peshvosi”ning rahmini keltirmagan oʻshanda. Shu jihatdan olib qaraganda, ular Isroil bilan bab-baravar pozitsiyada turishgan edi. Faqat BMT Xavfsizlik kengashi va Gʻarb davlatlarining bosimi ostida falastinliklarga oziq-ovqatlarning bir qismi yetkazilgan xolos.

Umuman olganda, 2014 - 2021 yillar davomida Eron armiyasi Asad askarlari bilan birgalikda 5 mingdan ziyod falastinlikni oʻldirgani aytiladi. Ularning aksariyati Eron bombalashi ostida oʻlgan boʻlsa, 630 nafari Asad qamoqxonalarida qiynab oʻldirilgan. Yana minglab falastinliklar hamon Asad qamoqxonalarida saqlanmoqda.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid