BMT Xavfsizlik kengashi kosmosda qurol joylashtirmaslik haqidagi rezolyutsiyani oʻtkazmadi
Loyiha Rossiya tomonida tayyorlangan. Uni yetti davlat, jumladan Xitoy ham qoʻllab-quvvatladi.

BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiya tomonidan tayyorlangan kosmosda qurol joylashtirmaslik haqidagi rezolyutsiya loyihasini oʻtkazmadi. Xavfsizlik kengashiga aʼzo 15 davlatdan 7 tasi loyihaga qarshi ovoz bergan.
Rezolyutsiya loyihasini yetti davlat, jumladan, Rossiya va Xitoy qoʻllab-quvvatladi. Shveysariya ovoz berishda betaraf qoldi. Rezolyutsiyani qabul qilish uchun BMT Xavfsizlik Kengashining kamida toʻqqiz aʼzosi qoʻllab-quvvatlashi zarur edi. Rossiyaning tashkilotdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzyaning aytishicha, Xavfsizlik kengashi qarorining rad etilishi AQShning koinotni harbiylashtirish niyatidan dalolat beradi.
«Bugun, ular kosmosni harbiylashtirishni davom ettirish va tegishli qurollarni yaratish boʻyicha oʻzlarining haqiqiy niyatlarini tasdiqlaganlaridan soʻng, bizning loyihamizning goʻyoki konsensusga ega boʻlmaganligi bilan oʻz harakatlarini oqlashga urinishlari ayniqsa bemaʼnilik va ikkiyuzlamachilikka oʻxshaydi", deydi Nebenzya.
Aprel oyida Rossiyaning oʻzi BMT Xavfsizlik Kengashida Yer orbitasiga yadroviy qurol va boshqa ommaviy qirgʻin qurollarini joylashtirishni taqiqlovchi AQSh-Yaponiya rezolyutsiyasiga veto qoʻygan edi.
Oʻtgan hafta The New York Times gazetasi Pentagon rasmiylariga tayanib, Qoʻshma Shtatlar Amerika sunʼiy yoʻldosh tarmogʻini hujumlardan himoya qiladigan va boshqa mamlakatlar sunʼiy yoʻldoshlarini oʻchirib qoʻya oladigan yer va kosmik texnologiyalarning yangi avlodini yaratishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi.