Andijon IIB sobiq mansabdorining kirdikorlari fosh boʻldi
U taʼlim muassasalariga 245.006.900 soʻmlik yoʻl belgilari va boshqa tovar moddiy boyliklarini yetkazib bermay, kamomadga yoʻl qoʻygan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudida IIB sobiq mansabdoriga jazo tayinlandi. Mazkur ish boʻyicha sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Hukm tafsilotlariga koʻra, sudlanuvchi U.M. 2023 yilning iyun oyidan noyabr oyiga qadar Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ekspluatatsiya montaj boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan. U taʼlim muassasalariga 245.006.900 soʻmlik yoʻl harakati qoidalari belgilari va shunga oʻxshash tovar moddiy boyliklarini yetkazib bermasdan, kamomadga yoʻl qoʻyib, oʻzining jinoiy harakatlarini yashirish va qonuniy tus berib niqoblantirish maqsadida barcha turdagi tovar moddiy boyliklari yetkazib berilganligi toʻgʻrisida sohta dalolatnomalarni rasmiylashtirgan.
Andijon viloyat IIB JXX YXXB EMB bosh hisobchisi lavozimida ishlagan P.Sh. esa turli shaxslarga ustamalar yozish orqali jami 211.341.200 soʻmlik 15 foizli ustama va mukofot pullarini ortiqcha hisoblab, toʻlovga taqdim etib, byudjet intizomini buzganligi natijasida davlat byudjetining siyosiy barqarorligiga juda koʻp miqdorda putur yetkazgan.
Sudda U.M. oʻz aybiga iqror boʻlmasdan, zarar qoplangani, ishlarni nazorat qila olmagani sabab mavjud vaziyat yuzaga kelganini aytib, tekshiruv bir tomonlama oʻtkazilgani, uni ishtirokini taʼminlashmagani, ish yuzasidan adolatli qaror chiqarib, uni oqlashni soʻrab koʻrsatuv berdi. P.M esa oʻz aybiga iqror boʻlgan. U xozirgi vaqtda ushbu mukofot pullarini qaytarish choralari koʻrilayotgani va xozirgi kunga kelib 90 foiz pul mablagʻi byudjetga qaytarilganini bildirgan.
Yakuniy hukmga koʻra, IIB sobiq mansabdori U.M.ga JKning 59,61-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshib, uzil-kesil oʻtash uchun ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan 1 yil 6 oyga mahrum qilib, ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jazo tayinlashda ish yuzasidan keltirilgan 245.000.000 soʻm zarar toʻliq undirilganligi inobatga olingan.
Sh.P.ga esa 184-modda 2-qismi bilan JKning 45- moddasini qoʻllab, 1 yil muddatda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida 16.500.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.