Eron prezidenti halok boʻldi
Oʻzbekiston TIV mazkur hodisa yuzasidan bayonot berib, chuqur tashvish bildirdi.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyot halokatga uchrashi oqibatida halok boʻlgan. "Vertolyot toʻliq yonib ketgan, barcha yoʻlovchilar halok boʻlgan degan xavotir bor”, — dedi Eron rasmiysi Reuters agentligiga.
Press TV'ning Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbariga tayanib aytishicha, vertolyot halokatga uchrashi oqibatida hech kim omon qolmagan. Ular orasida mamlakatning TIV rahbari Husayn Amir Abdullohiyon ham bor.
Mehr agentligi ham prezident bilan barcha ekipaj aʼzolari vafot etgani haqida yozgan.
Avvalroq Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi ham hodisa yuzasidan bayonot bilan chiqqandi.
" Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy boʻlgan vertolyotning favqulodda qoʻndirilishi toʻgʻrisidagi xabarni chuqur tashvish bilan qabul qildik.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vertolyot yoʻlovchilari, jumladan Eronning yuqori martabali vakillari taqdiri haqidagi maʼlumotlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Barcha yoʻlovchilar tez orada sogʻ-salomat topilishiga umid qilamiz.
Oʻzbekiston tomoni zarurat boʻlishi bilan Eronlik doʻstlarimizga barcha yordam koʻrsatilishiga toʻliq tayyorligini bildiradi" deyiladi rasmiy xabarda.