Eron prezidenti vertolyoti halokatga uchradi
Vertolyot noqulay ob-havo sabab halokatli qoʻnishni amalga oshirgan. Hodisada qurbonlar yoʻqligi aytilmoqda.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy kortejidagi vertolyot halokatga uchragani aytilmoqda.
Eronning Tasnim nashri xabariga koʻra, vertolyot Sharqiy Ozarbayjondagi qalin tuman tufayli qattiq qoʻnishni amalga oshirgan. Kortejda 3 ta vertolyot bor edi. Mulozimlar va vazirlarni olib ketayotgan ikki vertolyot eson-omon manziliga yetib borgan.
Qutqaruv guruhlari qoʻnish joyiga yetib borishga harakat qilmoqda, biroq ularning ishi ogʻir ob-havo sharoiti tufayli murakkablashmoqda, deyiladi xabarda.
Eron prezidentining yaqinlaridan biri sunʼiy yoʻldosh orqali aloqaga chiqqan. Hodisada qurbonlar yoʻqligi aytilmoqda. Eron prezidenti bilan Tashqi ishlar vaziri ham boʻlgan.
Soʻnggi xabarlarga koʻra, Eron prezidentiga shikast yetmagan va avtomobilda Tabriz shahriga yoʻl olgan.