Afgʻonistonda uch nafar ispaniyalik otib oʻldirildi
"Tolibon" ushbu jinoyatni qoralab, aybdorlar topib jazolanishini maʼlum qilgan.

Ispaniya hukumatining maʼlum qilishicha, Afgʻonistonning markaziy qismidagi Bomiyon shahrida nomaʼlum kimsalar tomonidan uch nafar ispan fuqarosi otib oʻldirilgan.
Afgʻon rasmiylariga koʻra, ular bilan birga bir mahalliy aholi vakili halok boʻlgan, yana toʻrt nafar xorijlik va uch nafar afgʻon yaralangan.
Mahalliy guruhlardan hech biri hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmadi, biroq Afgʻoniston Ichki ishlar vazirligi hodisaga aloqador toʻrt kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.
"Tolibon" hukumati bayonotiga koʻra, Afgʻoniston tomoni "bu jinoyatni keskin qoralaydi, qurbonlarning oilalariga chuqur hamdardlik bildiradi va barcha jinoyatchilar topilib, jazolanishiga ishontiradi".
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ijtimoiy tarmoqda Afgʻonistonda ispan sayyohlarining oʻldirilishi haqidagi xabardan qattiq qaygʻuda ekanini yozgan.