Toshkentda "Soʻnggi qoʻngʻiroq" tadbirlari qay tartibda oʻtishi aniq boʻldi
25 may kuni Toshkentda istirohat bogʻlari soat 21:00gacha, jamoat transporti esa 23:00gacha faoliyat yuritadi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov poytaxt maktablarida "Soʻnggi qoʻngʻiroq" tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha farmoyishni imzoladi.
Aytilishicha, tadbirlar 25 may kuni soat 9:00 dan 10:00 gacha 1-4 va 9-11 sinf oʻquvchilari ishtirokida oʻtkaziladi. Tadbirlarda birlamchi tibbiyot vositalari boʻlishi va begona shaxslarning maktab hududiga kirmasligi choralari koʻriladi. Oʻqituvchilarga qimmatbaho sovgʻalar olish, kafe va restoranlarda tadbirlar tashkil etishni oldini olish choralari koʻriladi.
Milliy gvardiya va IIBB xavfsizlik chora-tadbirlarini koʻradi, "Soʻnggi qoʻngʻiroq"da mahalla raisi, yoshlar yetakchisi, hokim yordamchisi kabi mutasaddilar ham ishtirok etadi. 25 may kuni Toshkentda istirohat bogʻlari soat 21:00gacha, jamoat transporti esa 23:00gacha faoliyat yuritadi. Shu munosabat bilan poytaxtdagi attraksionlar holati masʼullar tomonidan oʻrganib chiqiladi.
Har bir maktabga hokimlik mutasaddilari biriktirilgan va farmoyish ilovasida jadvalga koʻra taqsimot amalga oshirilgan.
Eslatib oʻtamiz, avval Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziriligi ham "Soʻnggi qoʻngʻiroq" boʻyicha tavsiyalar bilan chiqqandi. Unda aytilishicha, bitiruvchilar ishtirokida "Bitiruv kechalari" oʻtkazish taqiqlanadi.