Boʻzatov FEST gʻolib va sovrindorlari eʼlon qilindi

Tanlovning yopilish marosimida  super-finalgacha chiqqan 69 nafar yoshdan 36 tasi 1,2,3-oʻrinlar bilan taqdirlanishdi.   

Madaniyat
17-may, 19:49
Boʻzatov FEST gʻolib va sovrindorlari eʼlon qilindi

10 maydan 16 mayga qadar davom etgan, jonli kuylay oladigan yoshlarning anʼanaviy tanlovi – Boʻzatov FEST oʻz nihoyasiga yetdi. Kecha tanlovning Boʻzatov tumanida oʻtkazilgan yopilish marosimida  super-finalgacha chiqqan 69 nafar yoshdan 36 tasi 1,2,3-oʻrinlar bilan taqdirlanishdi.   

Ular orasida tanlovda ikkinchi bor ishtirok etgan surxondaryolik Toshmurotov Doniyor ham bor. U festivalda baxshichilik yoʻnalishi boʻyicha 10-15 yosh toifasida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Foto: Anvarjon Toʻychiyev.

“Tanlov juda qiziqarli boʻldi. Oʻtgan yili 3-oʻrinni olgan edim bu yil 2-oʻrin boʻldim, keying yil yana qatnashib birinchi oʻrinni qoʻlga kiritaman. Meni qoʻllab-quvvatlab turgan barcha  ustozlarimga rahmat aytaman".

Anʼanaviy ijrochilik yoʻnalishi 16-22 yosh toifasida esa 1-oʻrin fargʻonalik Laylo Halilovaga nasib etdi. 

"Bu darajada kutmagan edim gʻolib boʻlishimni. Ustozlar ishonch bildirib, 1-oʻringa munosib koʻrishibdi, buning uchun ularga rahmat aytaman. Hali ota-onamga aytishga ulgurmadim, telefon qilgan edim, javob berishmadi. Boʻzatov FEST menga judayam yoqdi. Sababi shu tanlov orqali men oʻzimga yangi doʻstlar orttirdim, tajriba almashdim".

Boʻzatov FEST`da gʻoliblikni qoʻlga kiritsa, tanlovlarda qatnashishdan maʼlum muddat tanaffus eʼlon qilishini, koʻproq ijod bilan mashgʻul boʻlishini aytgan Navroʻza Maxamadjanova esa 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. U Estrada yoʻnalishi boʻyicha 23-30 yosh toifasidan Toshkent viloyati nomidan ishtirok etgan. 

Foto: Anvarjon Toʻychiyev.

Qariyb bir hafta davom etgan tanlovda koʻplab ishtirokchilarni ota-ona, bobo-buvi yoki ustozlari kutib, qoʻllab quvvatlagan boʻlsa, gʻolibamizda esa bu jarayonda nafaqat butun oilasi,balki kichik chaqalogʻi ham ishtirok etdi.
Taqdirlash marosimi yakunlangandan soʻng ishtirokchilar,yoshlar, qoraqalpoq xalqi uchun Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonning yorqin yulduzlari ishtirokida konsert dasturi taqdim etildi.

Shunday qilib, tanlovning bu yilgi bosqichi ham shioriga muvofiq tarzda oʻz iqtidorlarini kashf etdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+