"Yagona buyurtmachi" xodimi va tadbirkor yirik mablagʻni oʻzlashtirgani fosh qilindi
Shuningdek, soxta maʼlumotlar asosida 717 mln. soʻmlik bajarilmagan ish qoʻshib yozib yuborilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Quyichirchiq tumani sudida oʻzaro til biriktirib mablagʻlarni oʻzlashtirgan "Yagona buyurtmachi xizmati" DUK mutaxassisi va MChJ rahbariga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" DUKda loyihalarni boshqarish va qurilishni texnik nazorat qilish boʻlimi yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlagan A.B. Art Building Group MChJ rahbari R.M bilan oʻzaro jinoiy til biriktirgan. Ular Quyichirchiq tumanida qurilgan 2 ta koʻpqavatli uy hujjatlarida koʻzda tutilgan 1 mlrd. 387 mln. qurilish ishlari bajarilishi koʻzda tutilgan boʻlsada, amalda 963 mln. soʻmlik ish bajarilgan, ular esa toʻlov hujjatlarini soxtalashtirib, umumiy hisobda 282 million soʻmdan oshiq mablagʻni oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilganlar.
Har ikki sudlanuvchi jarayonda oʻz aybiga qisman iqror boʻlgan va yetkazilgan zarar viloyat prokuraturasining depozit raqamiga oʻtkazilganini (jami 284 mln. soʻm) aytib, suddan yengillik berishni soʻradi. Sudlanuvchi A.B ish jarayonida 1 mlrd. 318 mln. soʻmlik ishda soxta maʼlumotlar borligi, jami 717 mln. soʻmlik ish qoʻshib yozilganini maʼlum qilgan.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, MChJ rahbari R.M. bir yilu, olti oy 18 kun ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, A.B. esa uzil-kesil 2 yil sohada ishlash huquqidan mahrum etilib, 5 yilu, 7 oy ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni u umumiy tartibli koloniyalarda oʻtashi belgilandi. Zarar uchun yoʻnaltirilgan 284 mln. soʻmdan 282 mln. 815 ming soʻmi Quyichirchiq tumani byudjetiga qaytarilishi belgilangan, qolgan 1 mln. 185 ming esa R.M.ga taqdim etiladi.