Oʻzbekistonda haj mavsumi 23 maydan boshlanadi
Mamlakatning 10 ta hududiy aeroportidan toʻgʻridan-toʻgʻri aviaparvozlar amalga oshiriladi.

Oʻzbekistonda haj mavsumi 2024 yil 23 maydan boshlanadi. Respublikadan Saudiya Arabistoni podshohligiga shu yil 7 iyunga qadar har kuni aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlar idorasi xabar berdi.
Mamlakatning 10 ta hududiy aeroportidan toʻgʻridan-toʻgʻri Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Fargʻona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina aviareyslari orqali ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi. Barcha parvozlar "Uzbekistan Airways" AJ aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Respublika jamoatchilik kengashi joriy mavsumga tayyorgarlik ishlarini turli yoʻnalishlarda jadal davom ettirmoqda. Jumladan, ziyoratchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, emlash, guruh rahbarlarini biriktirish, safar oldi mashgʻulotlar oʻtkazish, shifokorlar va oshpazlar guruhini jalb etish hamda safar hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Shu kunlarda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan Haj arkonlari haqida suhbat qilmoqdalar. Har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” nomli qoʻllanma, sumka, nimcha kabilar taqdim etilmoqda. Ushbu mavsumga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni kunlarda barcha tashkiliy ishlarni bajarmoqda, deyiladi xabarda.
Avvalroq Haj ziyorati boʻyicha ogohlantirish eʼlon qilingandi. Unga koʻra, ayrimlar umra vizasi, turistik (ziyorat) viza, biznes viza bilan haj qilishni vaʼda qilmoqda, buning mutlaqo imkoni yoʻq.