8 milliard soʻmdan ziyod qonunga zid davlat xaridlari aniqlandi
Sohalar kesimida qonun buzilishlari taʼlim va sogʻliqni saqlashga 5 tadan, mahalliy hokimlik va tizim tashkilotlariga 3 tadan toʻgʻri kelgan.
8,1 mlrd soʻmlik davlat xaridlarining qonunchilikka zid amalga oshirilishi oldi olindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Agentlik tomonidan 19 ta holatda jami 8,1 mlrd soʻmlik quyidagi davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, bekor qilindi:
- Fargʻona tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligidagi 923,2 mln soʻmlik;
- Gʻijduvon tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi buyurtmachiligidagi 878,1 mln soʻmlik;
- Urganch tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligidagi 632,4 mln soʻmlik;
- Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti huzuridagi akademik litsey buyurtmachiligidagi 396,9 mln soʻmlik;
- Buvayda tumani obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligidagi 396,0 mln soʻmlik;
- Surxondaryo 2-son viloyat perinatal markazi buyurtmachiligidagi 306,0 mln soʻmlik;
- Surxondaryo viloyat fiziatriya klinik shifoxonasi buyurtmachiligidagi 205,0 mln soʻmlik;
- Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining Qumqoʻrgʻon tumani boʻlimi buyurtmachiligidagi 182,8 mln soʻmlik;
- Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo viloyat mintaqaviy filiali buyurtmachiligidagi 177,5 mln soʻmlik;
- Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti buyurtmachiligidagi 175,0 mln soʻmlik;
- Xiva shahridagi 56-sonli ayrim fanlar chuqur oʻqitiladigan sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktab-internati buyurtmachiligidagi 169,0 mln soʻmlik;
- Konimex tuman madaniyat va turizm boʻlimi buyurtmachiligidagi 140,0 mln soʻmlik;
- Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi kompetensiyani rivojlantirish instituti buyurtmachiligidagi 120,0 mln soʻmlik;
- Qarshi shahar tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligidagi 108,2 mln soʻmlik;
- Yoshlar ishlari agentligining Sharof Rashidov tumani boʻlimi buyurtmachiligidagi 100,5 mln soʻmlik;
- Fargʻona shahar hokimligi buyurtmachiligidagi 89,3 mln soʻmlik;
- Konimex tumani madaniyat boʻlimi-tuman madaniyat va aholi dam olish markazi buyurtmachiligidagi 71,0 mln soʻmlik davlat xaridlarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan.
Shuningdek:
"Mikrokreditbank" Surxondaryo viloyat filiali buyurtmachiligidagi 1,84 mlrd soʻmlik;
- Toshkent viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi buyurtmachiligidagi 1,2 mlrd soʻmlik davlat xaridlarida oʻzaro affillangan shaxslar ishtirok etgan.
Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlarining hududlar kesimidagi tahlili:
Surxondaryo viloyati - 5 ta
Fargʻona viloyati - 3 ta;
Xorazm, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahri - 2 tadan;
Buxoro, Jizzax va Toshkent viloyatlari - 1 tadan.
Sohalar kesimida esa taʼlim va sogʻliqni saqlashga 5 tadan, mahalliy hokimlik va tizim tashkilotlariga 3 ta, bank-moliya va madaniyatga 2 tadan, transport va yoshlarga 1 tadan taalluqlidir.
Agentlikning taqdimnomalariga asosan mazkur davlat xaridlari boʻyicha xarid komissiyasining gʻolibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilindi.
Qayd etilgan qonunbuzilishi holatlariga oid toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi, deyiladi xabarda.
Agentlik avvalroq ham koʻp milliardlik qonun buzilishlari haqida xabar bergandi.