Mahbuslarga yangi huquqlar berilishi mumkin
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga saylovda ishtirok etish va pensiya tayinlashda yengilliklar berilishi kutilmoqda.

Ichki ishlar vazirining "Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi buyrugʻining loyihasi xalq muhokamasiga qoʻyildi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (regulation.gov.uz) eʼlon qilingan loyihada mahbuslar uchun bir qator imkoniyatlar berish koʻzda tutilgan.
Jumladan, ushbu buyruq amalga tatbiq etilsa, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar, (agar qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida bu huquqdan mahrum etilmagan boʻlsa) Prezident, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida hamda referendumda ishtirok etishlari mumkin boʻladi.
Shuningdek, loyihada manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar pensiya tayinlashni soʻrab ariza bilan manzil-koloniya joylashgan yerdagi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining bevosita tuman (shahar) boʻlimiga yoki soʻrovnoma toʻldirgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etishlari nazarda tutilgan.
Buyruq loyihasi yuzasidan muhokamalar 29 maygacha davom etadi.
