"Boʻzatov-FEST" tanlovining super-final bosqichi boshlandi
Soʻnggi natijalar esa bugun kechgacha aniqlanadi va tanlovning Boʻzatov tumanida oʻtkaziladigan yopilish marosimida eʼlon qilinadi.

10 maydan buyon Nukusda oʻtkazib kelinayotgan Yoshlar ovozi "Boʻzatov-FEST" tanlovi bugun super-final bosqichiga yetib keldi. Tanlovning bu bosqichida 4 ta yoʻnalish va 3 ta yosh toifasi boʻyicha finalga qadar yetib kelgan 158 nafar ishtirokchidan 69 tasi ishtirok etmoqda.
Shunday super-finalchilardan biri Toshkent shahridan Sardor Shavkatov (Estrada yoʻnalishi 23-30 yosh toifasida). U tanlovning super-final bosqichida Botir Zokirovning "Raʼno" qoʻshigʻi bilan qatnashdi. Ammo ishtirokchining soʻzlariga koʻra, super-finalda bu qoʻshiqni emas boshqasini kuylashni rejalashtirgan edi.
“Men oʻzi sahnaga chiqishimdan oldin, fikrimni oʻzgartiryapman doim. Oʻzi finalga ham, super finalga ham boshqa qoʻshiq tayyorlab kelgan edim. Mana hozir ham asli boshqa qoʻshiq tayyorlagan edim, lekin sahnaga chiqib birdan "Raʼno" ni aytgim kelib qoldi va shu qoʻshiqning minusini qoʻyib berishlarini aytdim. Bu qoʻshiq koʻnglimga juda yaqin. Uni anchadan beri tayyorlab kelgan boʻlsam ham birorta tanlovda aytmagan edim. Lekin baribir bu qoʻshiqni qayerdadir aytishimni bilardim. Mana shu konkursga nasib etgan ekan”.
Baxshichilik yoʻnalishi boʻyicha 10-15 yosh toifasida super-finalga oʻtgan Asilbek Sunnatov ham bu bosqich uchun bir emas, ikkita doston tayyorlab, sahnaga chiqishdan avval, qaysi birini ijro etishi haqida qaror qabul qilgan. U finalda Alpomish dostonidan parcha kuylaganda, hakamlar hayʼati unga ovozi hozir mutatsiya jarayonida ekanligi uchun ehtiyot qilishi kerakligini va kuylashdan tashqari bir nechta cholgʻu asboblarini ham oʻrganishini maslahat berishgan edi.
Tanlovga Navoiy viloyatidan kelgan Asilbek tengdoshlari kabi birinchi oʻrinni olish istagida. Agar u yutsa, ota-onasini hajga yubormoqchi ekanligini aytdi.
Super-final jarayonlari hali davom etmoqda. Soʻnggi natijalar esa bugun kechgacha aniqlanadi va ertaga tanlovning Boʻzatov tumanida oʻtkaziladigan yopilish marosimida eʼlon qilinadi. Unda 69 ta super-finalchilardan, 12 tasi 1-oʻrin, 12 tasi 2-oʻrin, yana 12 tasi 3-oʻrinni qoʻlga kiritishadi.
Odinaxon Dehqonova